Prezident raisligida joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
–To‘g‘ri ishlayotgan, tushumlarini to‘liq ko‘rsatib, soliqlarini o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlar bir narsadan hotirjam bo‘lsin. Bunday tadbirkorlarni biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz,– dedi Prezident yig‘ilishda.
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi ishlab chiqildi. Endi ular faoliyatiga soliqchilar baho bermaydi, rag‘batlantirish choralari ham reyting asosida belgilanadi hamda bu tadbirkorlar kutayotgan adolatli yechim bo‘ladi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun:
– barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi;
– qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda tekshiruvlarsiz qaytarib beriladi (hozir 7 kundan 30 kungacha);
– boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov summasi uch kunda qaytarib beriladi (hozir 15 ish kunida);
– tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;
– tumanlarda auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi.
Har bir tadbirkor real vaqt rejimida o‘z o‘rni va bahosini bilib boradi.
Savdo-sanoat palatasiga o‘z saytida reyting natijalarini onlayn e’lon qilib, tadbirkorlar so‘rovlariga tezkor javob berib borish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA