Joriy yilning aprel oyidagi “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida baholash natijalariga ko‘ra, Buxoro viloyatining samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) 92,5 ballni tashkil etdi. Umumiy reytingda esa Buxoro viloyati soliq inspektorlari hissasi yuqori bo‘lgan hududlar qatoridan joy oldi.
– Bu soliq organlarida yo‘lga qo‘yilgan yangicha tizimning dastlabki samaralaridir,–deydi Buxoro viloyati soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Bahodir Fayziyev. – Quvonarlisi, viloyatimizdagi mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlarining 154 nafari 90 balldan yuqori, 103 nafari esa 70 dan 90 ballgacha ko‘rsatkichlarni qayd etishdi. Soliq organlarining mahalla darajasiga tushirilgani qisqa fursatda o‘zini oqladi. Ayniqsa, yangi tizim soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlab, ularni rasmiy daromad topishga o‘tkazishda yaxshi samara bermoqda. Ushbu fikrimizni raqamlar bilan aytadigan bo‘lsak, 2024-yilning 1-choragiga qadar yer va mol-mulk soliqlaridan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qo‘shimcha 27,4 milliard so‘m, shuningdek, 48,7 milliard so‘mi joriy yilning aprel oyida byudjetga tushirildi.

Yashirin ish o‘rinlari legallashtirilgani hisobiga viloyatda daromad solig‘i to‘lovchilar soni 27 69 nafarga ko‘paydi. Buning hisobiga esa byudjetga jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha qo‘shimcha 1,4 milliard so‘m tushirish imkoniyati yaratildi. O‘z uyida norasmiy daromad topayotgan fuqarolar bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida 46 147 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilganlik bo‘yicha faoliyatlarini rasmiylashtirib qo‘yishdi. Bu bilan ularning kelajakdagi pensiya ta’minoti uchun zarur bo‘lgan mehnat stajlari kafolatlandi. Ayni paytda viloyatda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar 197 791 nafarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, hududlarga biriktirilgan xodimlar tomonidan jami 2 202 ta vaqtincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik subyekti faoliyati tiklandi. Shuningdek, hujjatsiz tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirib kelayotgan 3 590 nafar fuqaroning davlat ro‘yxatidan o‘tib, qonuniy tadbirkorlik faoliyat ko‘rsatishi ta’minlandi.

Viloyatda mahalla soliq inspektorlari tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar natijasida hududlarda tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllantirilib, byudjet tushumlari barqarorligiga erishilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan soliq organlari xodimlari oldiga qo‘yilgan aniq vazifalardan kelib chiqib, bugungi kunda Buxoro viloyatidagi 544 ta mahallaga biriktirilgan 262 nafar soliq inspektori soliq bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni mahallaning o‘zida hal etib, tadbirkorlarga soliq xizmatlarini ko‘rsatish kabi ishlar bilan samarali shug‘ullanmoqda. Pirovard natija esa “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida o‘z aksini topmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri