Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reyting: korrupsiyaga qarshi kurashishda qaysi tashkilotlar “qoniqarsiz” baholandi?
17:58 / 2022-07-19

So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Shu maqsadda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qator xalqaro standartlarni o‘z faoliyatiga joriy etish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga bir qator vazifalar belgilab berilgan. 

Ta’kidlash lozimki, hozirga qadar davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish tizimi mavjud emas edi. Shunga ko‘ra, ushbu sohada belgilangan vazifalarning sifatli bajarilishini monitoring va nazorat qilish, zarur hollarda davlat tashkilotlariga uslubiy ko‘mak berib borish maqsadida 2022 yil 12 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. 

Mazkur qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yagona mezon asosida baholash tizimi joriy etilib, bunda baholash 29 ta maxsus indikator asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi. Qaror talablaridan kelib chiqib, baholash birinchi bosqichda o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etayotgan 24 ta tashkilotda eksperiment tariqasida o‘tkazildi. 

Baholash jarayonini samarali tashkil qilish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Korrupsiyaga qarshi  kurashish agentligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, baholash natijalari joriy yil “Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan korrupsiyaning tarqalganlik darajasini jamoatchilik ongida idrok etilishini baholashga qaratilgan so‘rov natijalari bilan hamohang ekanligini ko‘rsatdi. 

Xususan, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, aholi tomonidan eng korrupsiyalashgan yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan sog‘liqni saqlash, kadastr, oliy ta’lim sohalariga javobgar bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritilgan ma’lumotlarni tahlil qilish va ekspertlar fikriga ko‘ra, qoniqarsiz deb topildi. Bu esa korrupsiyaning tarqalganlik darajasini pasaytirish avvalambor, tashkilotda uning oldini olish uchun qo‘llanilayotgan preventiv mexanizmlarga bevosita bog‘liq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. 

Ta’kidlash lozimki, Reyting baholash natijalari u yoki bu tashkilot (soha)ni korrupsiyalashgan yoki korrupsiyadan xoli degan fikrni bermaydi. Bundan tashqari, “E-Anticor.uz” elektron platformasiga ayrim hujjatlar yoki qilingan ishlar kiritilmagan yoki noto‘g‘ri kiritilganligi oqibatida tashkilotlarga tegishli ballar berilmasligining oldini olish maqsadida reytingning dastlabki natijalari tashkilotlarga taqdim qilingan, ularning fikr va e’tirozlariga asosan yakuniy reyting shakllantirilgan. 

Baholash natijalariga ko‘ra, 24 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 3 ta tashkilot faoliyat samaradorligi “yaxshi” – 81 balldan 100 ballgacha, 10 ta tashkilot faoliyati “qoniqarli” – 55 balldan 81 ballgacha va 11 ta tashkilotning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati “qoniqarsiz” – 55 balldan past toifalarga ajratildi. Jumladan, 1-guruh bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyati yaxshi deb topildi. 

2-guruhga Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Maktabgacha ta’lim, Transport vazirliklari, Davlat statistika qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, Davlat aktivlarini boshqarish, Texnik jihatdan tartibga solish agentliklari, Toshkent shahar va Toshkent viloyat hokimliklarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati qoniqarli deb topildi. 

3-guruh – faoliyati “qoniqarsiz” deb topilgan tashkilotlarga esa Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Xalq ta’limi, Qurilish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Moliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish, Kadastr agentliklari, Bo‘ka va Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklari kiritildi. 

Ta’kidlash lozimki, baholash davlat rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarning qay darajada samarali amalga oshirilayotganini monitoring qilish mexanizmini yaratish bilan birga, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sohada sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish, tashkilot rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirishga va korrupsiyaga qarshi kurashishda xalkaro standartlarga asosan yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, baholash yakunlari bo‘yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. “Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi. “Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.  

Mazkur reyting baholash tizimi yil yakuniga ko‘ra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati bo‘yicha amalga oshiriladi va jamoatchilikka e’lon qilib boriladi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA