Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reyter: Eron AQSHning aralashuvi urushga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi
19:08 / 2026-01-19

Eronda keskinlik xavfli bosqichga kirdi. “Reyter” yozishicha, Prezident Mas’ud Pezeshkiyon AQSH tomonidan beriladigan har qanday harbiy zarba “keskin va pushaymon qiladigan darajada javob” bilan qarshi olinishidan ogohlantirdi. Tehron ushbu bayonotni mamlakat bo‘ylab davom etayotgan norozilik va tashqi bosim asnosida berdi.

O‘tgan oy iqtisodiy norozilik ortidan boshlangan namoyish tezda siyosiy tus oldi va butun mamlakatni qamrab oldi. Norasmiy manbalar minglab qurbonlar, o‘n minglab hibsga olinganlar haqida yozmoqda. Hukumat esa tartibsizlik ortida AQSH va Isroil turganini da’vo qilmoqda.

Agentlik vaziyatni yanada chigallashtirayotgan jihat sud tizimining keskin ishoralari ekanini ta’kidlagan: mamlakat adliya tizimi vakillari ayrim namoyishchilar “muhorab” – davlat va din asoslariga qarshi chiqishda ayblanishi, bu o‘lim jazosi bilan yakunlanishi mumkinligini ochiq aytgan. Bu holat xalqaro hamjamiyatda jiddiy xavotir uyg‘otyapti.

Tramp Eron rasmiylarini ochiqcha tanqid qilib, “yangi rahbariyat vaqti keldi” deya bayonot berdi. Vashington mintaqaga harbiy resurslarini ko‘chirarkan, aniq qadam borasida sukut saqlamoqda.

Internet cheklovi, axborot qamali va xavfsizlik chorasi kuchaytirilishi norozilikni biroz bosgandek. Kurdlar yashaydigan hududlarda qarama-qarshilik davom etyapti.

Xullas, Eron ikki bosim oralig‘ida turibdi. Ichkarida tartibsiz jamiyat, tashqarida keskinlashayotgan global qarama-qarshilik. Birgina noto‘g‘ri qadam mintaqani keng ko‘lamli inqiroz tomon yetaklashi mumkin.

Musulmon Ziyo, O‘zA