Navoiy viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining Tomdi tuman bo‘limi tomonidan “Ayaquduq” OFY hududida o‘tkazilgan tungi tezkor reyd tadbiri davomida ekologik qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Surishtiruv jarayonida fuqaro J.A.ga tegishli davlat raqam belgisi bo‘lmagan “Gaz-53” rusumli yuk avtomashinasi yukxonasida jami 5 kub metr saksovul noqonuniy ravishda qo‘porib olingani va sotish maqsadida olib ketilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblashning 25 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar 29 million so‘m etib hisoblandi.

Olib qo‘yilgan saksovul kam ta’minlangan oilalarga tarqatildi.
Yana bir holatda boshqarma xodimlari hamda Konimex tuman bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan Konimex tumani “Sarjal” OFY cho‘l hududida “KamAZ” rusumli yuk avtomashinasi va ekskavator-yuklagichdan foydalanib, hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasi qazib olinayotgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 70-moddasi 1-qismiga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar 16 million 740 ming so‘m etib hisoblandi.
Qonunbuzarlik sodir etishda foydalanilgan avtomashina saqlash (jarima) maydoniga joylashtirildi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri