“Revolyutsiya” kitobini oʻqib...
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8-9 oktyabr kunlari Fransiya Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi arafasida ushbu mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron qalamiga mansub “Revolyutsiya” kitobi oʻzbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi. Davlatimiz rahbari Parijda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda Fransiya yetakchisining oʻzbekcha kitobi ilk nusxasini unga taqdim etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8-9 oktyabr kunlari Fransiya Respublikasiga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi arafasida ushbu mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron qalamiga mansub “Revolyutsiya” kitobi oʻzbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi. Davlatimiz rahbari Parijda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda Fransiya yetakchisining oʻzbekcha kitobi ilk nusxasini unga taqdim etdi.
Prezident Emmanuel Makronning ushbu kitobini joriy yilda “Oʻzbekiston” nashriyoti nashrdan chiqardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev kitobga yozgan “Aql-idrok ovozi” sarlavhali soʻzboshisida, jumladan, shunday deb taʼkidlagan:
“Fransiya Prezidentining siyosiy va iqtisodiy dasturi toʻla ifoda etilgan ushbu kitob mamlakatimiz akademik va ishbilarmon doiralari, olimlar va amaliyotchilar tomonidan sinchiklab oʻrganilmoqda. Shunisi eʼtiborliki, oʻz kitobiga “Revolyutsiya” deb nom berganiga qaramasdan, muallif “Shok terapiyasi” gʻoyasini ilgari surmaydi. Uning fikricha: “Yangi munosabatlarni oʻrnatish uchun avval yaratilgan barcha narsalarni buzib tashlashning hojati yoʻq”. Bu gʻoya bizning yurtimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan, puxta oʻylangan, ijtimoiy yoʻnaltirilgan islohotlar falsafasi bilan uygʻun va hamohang ekanini qayd etish lozim”.
Oʻzbekiston Prezidentining bu eʼtirofi bejiz emas. Chunki, aslida ham, Prezident E.Makronning kitobida oʻz ifodasini topgan saylovoldi dasturida Fransiyani dunyo siyosatining buyuk mamlakatiga aylantirish maqsadi qoʻyilgan. Fransuz yetakchisi shu yoʻldan qatʼiy bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼrifi bilan aytganda, “u davlat rahbari sifatida oʻzining birinchi navbatdagi vazifasini Fransiyaning buyukligini hamda fransuz xalqining oʻz kelajagiga boʻlgan ishonchini tiklashdan iborat, deb anglaydi”.
Shu maʼnoda, Fransiya Prezidenti qalamiga mansub “Revolyutsiya” kitobining mazmun-mohiyati haqida muxtasar soʻz yuritish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, kitob “Soʻnib borayotgan umidimizni qayta uygʻotish uchun biz dunyo voqeligiga – u qanchalar keskin va achchiq boʻlmasin – ochiq yuz tutishimiz”, degan jumla bilan boshlanadi. Hayotiy va samimiy ruhdagi shu iboraning oʻziyoq kitobxonni darrov oʻziga jalb etadi.
Ikkinchidan, E.Makron oʻz kitobida Fransiyaning hozirgi holatiga aniq tashxis qoʻya olgan. Bunda muallif oʻz fikr-mulohazalarini dunyo miqyosida yuz berayotgan tadrijiy va inqilobiy oʻzgarishlar, yuzaga kelayotgan turli muammolar tahlili bilan oʻzaro uygʻunlikda, ishonarli va gʻoyat taʼsirchan uslubda bayon etgani alohida diqqatni tortadi.
Uchinchidan, ushbu kitobni mutolaa qilgan fransuzlar oʻz Prezidentiga “Siyosat osmonida oʻzining adabiy va falsafiy qirralari ham oʻta yorqinligini koʻrsatgan porloq meteorit”, degan taʼrif beradilar.
Toʻrtinchidan, E.Makron “Revolyutsiya” kitobi misolida qotib qolgan soʻllar va hech kimga qayishmaydigan oʻng partiya tarafdorlaridan farqli ravishda uchinchi yoʻlni tanlaganini ayon qildi. Yaʼni, Fransiyaning yangi Prezidenti Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Toni Bler va AQSHning sobiq Prezidenti Bill Klinton kabi oʻzi uchun mutlaqo yangi yoʻlni – tashabbuslaru orzu-istaklarga boy sotsial-liberallar yoʻlini kashf etdi.
Beshinchidan, Fransiya Prezidenti “Biz kitoblarda bitilgan bilimlarga, ilmu irfon va hikmatlarga rioya qilishimiz kerak. Adabiyot – obodligimiz va farovonligimiz garovi”, degan fikrni takrorlashni yaxshi koʻradi. Bu gʻoyani E.Makron oʻzining “Revolyutsiya” kitobi mazmun-mohiyatiga ham chuqur singdirgan.
Ayni chogʻda, E.Makron adib emas, balki siyosatchi, davlat arbobi ekanini unutmaslik lozim. Bir oʻrinda muallifning oʻzi ham hamma narsaga qodir Yupiter boʻlishga daʼvogar emasligini tan olgan.
Shu maʼnoda, uning “Revolyutsiya” kitobi jahon adabiyoti xazinasi durdonalari qatoridan abadiy joy oladigan adabiy asar emasligi tabiiy hol. Ushbu kitob haqida ijobiy fikrlar bilan bir qatorda anchagina tanqidiy mulohazalar bildirilganini ana shu oddiy haqiqat bilan izohlash oʻrinlidir.
E.Makron kitobi tanqidchilarining fikricha, avvalambor, asar nomi bilan mazmuni bir-biriga mos emas. Yaʼni, ularning daʼvosiga koʻra, kitobda inqilob haqida hech qanday soʻz bormaydi, hatto E.Makron ilgari surgan fikr va gʻoyalarda ham inqilobiy ruh sezilmaydi. Muallif siyosatchidan ham risoladagidek adib chiqishi mumkinligini isbotlagan va JorjPompidu uslubida ijod qilgan, xolos.
Tanqidchilarning boshqa bir guruhi esa E.Makronning kitobida aniqlikdan koʻra mujmallik koʻproq, degan fikrni bildiradi. Ayni chogʻda, bunday mujmallik fikrsizlik yoki gʻoyasizlik oqibatida emas, balki muallifning siyosiy strategiyasi tufayli kelib chiqqan. Nima boʻlganda ham, olqishlovchilar va tanqid qiluvchilar bitta fikrda oʻzaro yakdil: E.Makron oʻz maqsadiga erishishga astoydil intilmoqda.
Prezident Emmanuel Makron tomonidan Fransiyada amalga oshirilayotgan kompleks oʻzgarishlar Oʻzbekistonda katta qiziqish va eʼtibor bilan kuzatib borilayotgani bejiz emas. Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, “Bu oʻzgarishlar avvalo konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, jamiyatni yanada birlashtirish, davlat boshqaruvi tizimi va soliq qonunchiligini takomillashtirish, tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, sotsial sohani rivojlantirish kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir”.
Shu nuqtai nazardan, Fransiya Prezidentining siyosiy va iqtisodiy dasturi toʻla ifoda etilgan ushbu kitobi mamlakatimiz akademik va ishbilarmon doiralari, olimlar va amaliyotchilar tomonidan sinchiklab oʻrganilayotgani ayni muddaodir.
Akmal SAIDOV,
Akademik