“Reuters”: MAGATE Bosh direktori kelasi hafta Moskva va Kiyevga boradi
Xalqaro atom energiyasi agentligi Bosh direktori Rafael Grossi kelasi hafta Moskva va Kiyevga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda mazkur tashkilotga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Bosh direktor Grossi Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofida jismoniy va texnik xavfsizlik zonasini yaratish bo‘yicha imkon qadar tezroq kelishuvga erishish uchun maslahatlashuv va boshqa sa’y-harakatni davom ettirmoqda. Uning Rossiya va Ukrainaga tashrifi davomida mazkur masalalar ko‘rib chiqilishi rejalanmoqda”, deyiladi xabarda.
Kuni kecha MAGATE Zaporoje AES yaqinida mina portlashi oqibatida past kuchlanishli elektr simiga zarar yetgani to‘g‘risida xabar bergan edi. Hodisa oqibatida elektr trasformatori shikastlangan.