Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Retseptsiz dori sotgan fuqaroning jinoyat ishi ko‘rildi
13:16 / 2025-10-20

Toshkent halqa yo‘li ko‘chasida joylashgan dorixonalardan biriga kirgan mijoz “Benzonal 100 mg” dori vositasini olmoqchi ekanini aytadi.

Dorixona sotuvchisi M.A. xorijda ishlab chiqarilgan bu dori faqat retsept asosida sotilishini bildiradi. Xaridor “juda zarur edi, bera qoling”, deb iltimos qilgach, sotuvchi 4 quti dorini 22 ming so‘mdan hisoblab, 88 ming so‘mga sotib yuboradi. 

Vaholanki, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda mavjud bo‘lgan bu dori vositasini retseptsiz sotish taqiqlangan. 

Shu tariqa, 1976 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, oilali, 3 nafar farzandi bor ayol sudning “qora kursi”siga o‘tirishga majbur bo‘ldi. Chunki, u Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir jarayonida qo‘lga tushgan edi. 

– Qonunchilikka ko‘ra, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi, – dedi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi sudyasi Zafar Latipov. – Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 19 avgustdagi 399-sonli qaroriga ko‘ra, “Benzonal 100 mg” kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mazkur sud ishini ko‘rib chiqish jarayonida sudlanuvchi M.A.ning jinoiy harakatlari yuridik kvalifikatsiyasiga ahamiyat berildi. Dastlabki tergov organlari tomonidan uning harakatlari Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan malakalangan. 

Sud buni noto‘g‘ri, deb topdi. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorida “Benzobarbital” moddasi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, biroq, bu modda alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hisoblanmasligi qayd etilgan.

Sud, sudlanuvchi M.A.ga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda, sodir etilgan jinoiy qilmishning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 55-moddasi talablariga rioya qilib, uning aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, yoshi, oilali hisoblanib, 3 nafar farzandi borligi, farzandlarining ikki nafari talaba bo‘lib, oilasida yagona boquvchi ekani, turmush o‘rtog‘i 2-guruh nogironi hisoblanib, bir necha yildan buyon davolanib kelayotgani, muqaddam sudlanmaganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deb topdi. 

Uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini e’tiborga olib, jinoiy qilmish sodir etgandan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, unga nisbatan aybli deb topilgan modda sanksiyasi doirasida yashash joyidan muayyan vaqt davomida chiqishini cheklagan holda ozodlikni cheklash jazosini tayinlash, shuningdek, yashash va ish joyini hukm ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik, muayyan joylar – alkogol ichimlik iste’mol qilinadigan va ko‘ngilochar joylar (kafe, bar, restoran, tungi klublar)ga bormaslik, Toshkent shahar hududidan tashqariga chiqmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar o‘rnatish, bevosita tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgani hamda mutaxassisligi farmetsevtika sohasi bilan bog‘liqligini inobatga olib, muayyan huquqdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo chorasini tayinlamaslikni, qo‘llanilgan ehtiyot chorasini bekor qilishni lozim, deb topdi.  

M.A. Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topildi. Unga ish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishi cheklangan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. 

Qonunlar, qarorlar, tartiblar barcha rioya etishi uchun ishlab chiqiladi. Bir marta amal qilmaslik, birgina e’tiborsizlik tufayli o‘sha kuchli ta’sir qiluvchi modda mavjud bo‘lgan doridan kimdir zaharlanishi yoki og‘ir oqibatga olib keluvchi boshqa noxush voqea sodir bo‘lishi mumkin edi. Shuning uchun faoliyati insonlar hayoti bilan bog‘liq soha vakillari qonun-qoidaga qat’iy amal qilishi shart. 

 Birgina xato, belgilangan tartibni buzish dorixonachi ayolni shuncha ovoragarchilik, dilxiralik, oilasidagi osudalik buzilishiga olib keldi. Pushaymonlikning cheki bo‘lmaydi, ammo so‘nggi pushaymondan ne foyda? 

Norgul Abduraimova, O‘zA