So‘nggi yillarda retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasi, ularni qonunga xilof ravishda realizatsiya qilish va inson hayoti uchun xavfli oqibatlarga sabab bo‘layotgan holatlar ko‘paymoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan retsept bilan beriladigan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

– Amaldagi qonunchilikda retsept bilan beriladigan dori vositalari doirasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan sanksiyalar nomutanosib bo‘lib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy muomalasiga barham berish va oldini olish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda, – dedi deputat Tohir Polvonov. – Xususan, tahlillarga ko‘ra, 2022–2025 yillar davomida 18 milliard so‘mlik 285 ming dona dori vositasi noqonuniy aylanmadan olib qo‘yilgan. Birgina 2024 yilda bunday holatlar 2022 yilga nisbatan 3 baravarga ko‘paygan. 2021-2024 yillarda doridan zaharlangan shaxslar soni 18 ming 87 nafarni tashkil etgan.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga retsept asosida beriladigan dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi jazo choralarini kuchaytirish taklif etilmoqda. Jumladan, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan holatlarda — jinoiy javobgarlik belgilash va ikki yuz baravardan uch yuz baravargacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini hamda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun amalda belgilangan jarimalar miqdorini oshirishni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilyapti.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholi salomatligini ishonchli himoya qilish, dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda ushbu sohada huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA