English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Restoran biznesida xalqaro tajriba
18:17 / 2014-06-30

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan restoranlarda xizmat ko‘rsatishning xalqaro standartlarini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-treninglar o‘tkazildi.

“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan restoranlarda xizmat ko‘rsatishning xalqaro standartlarini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-treninglar o‘tkazildi.

“Poytaxt” biznes markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ushbu tadbir natijalari xususida so‘z yuritildi. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish jarayonida xizmat ko‘rsatish va servisni yaxshilash, mutaxassislar malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.

Mehmonxona va restoran biznesi sayyohlikning eng ko‘p daromad keltiradigan tarmoqlaridandir. Bu soha rivojida xizmat ko‘rsatuvchi kasb egalari, xususan, ofitsiantlarning alohida o‘rni bor. Ofitsiantlar har qanday dam olish va ovqatlanish muassasasining yuzi hisoblanadi. Ularning sifatli xizmati, samimiy munosabati mijozlarning maroqli hordiq chiqarishi, shu bilan birga muayyan muassasa va umuman mamlakat obro‘sining yuksalishiga xizmat qiladi.

Yurtimiz restoranlari xodimlarining bu boradagi malakasini oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish texnikasini takomillashtirish maqsadida “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, Respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi va Germaniyaning “DVV International” xalqaro tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Restoranda xizmat ko‘rsatish: ofitsiant” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida italiyalik xalqaro ekspert Ronaldo Rozani Toshkent, Samarqand va Xiva shaharlarida bo‘lib, mehmonxona restoranlari xodimlari va sayyohlik kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida qator seminar-treninglar o‘tkazdi.

– O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega, – dedi Ronaldo Rozani. – Sayyohlik infratuzilmasi rivojlantirilayotgani, zamonaviy mehmonxona va restoranlar bunyod etilayotgani diqqatga sazovor. Shunday go‘zal va boy madaniyatga ega mamlakatda bo‘lish, yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatish imkoniga ega bo‘lganimdan g‘oyat mamnunman. O‘zbekistonlik yoshlarning bilim olishga, kasb o‘rganishga ishtiyoqi baland ekan. Mehmonxona va restoranlar xodimlarining mahorati, yuzlaridagi tabassumi meni juda quvontirdi. Zotan, bu jihatlar ushbu kasb egalari uchun g‘oyat muhimdir.

Matbuot anjumanida mehmonxona xo‘jaligi va restoran biznesi uchun professional kadrlar tayyorlash hamda malakasini oshirish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, bu borada xalqaro tajribani o‘rganish kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.