O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi tashqi va ichki omillar mavjud. Tashqi omil bu Qozog‘iston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlarida global iqlim o‘zgarishi ta’sirida yomg‘ir miqdori keskin kamaygani, suv havzalari qurishi fonida sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrashi sababli cho‘llanish avj olib, kuchli bo‘ronlar sodir bo‘lmoqda va qum-chang ko‘tarilib, O‘zbekiston hududiga kirib kelayotganidir.
O‘zbekistoning G‘arbiy (Buxoro) va Janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo) viloyatlariga esa Turkmaniston va Shimoliy Afg‘onistonning (Afg‘on shamoli) cho‘l hududlarida ko‘tarilgan qum va changlar bo‘ronlar orqali kirib kelmoqda.
Ichki omillar esa mamlakatda cho‘llanish va yaylovlar degradatsiyasining avj olishi, qurilish maydonlari sonining ortishi natijasida shamol fonida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi, atmosferaga sanoat korxonalari va avtomashinalar tomonidan zararli tutunlarning chiqarilishi hisoblanadi.
Bu haqda AOKAda Gidrometeorologiya xizmati agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi. Unda ob-havo o‘zgarishi, ifloslanishi hamda aholi va hududlarni tabiiy gidrometeorologik xavfli hodisalardan ogohlantirish haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, iqlim monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikamizda o‘rtacha yillik harorat taxminan 1,6 ºS, ya’ni o‘rtacha 13,2 ºS dan 14,8 ºS gacha ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda. Bu esa isish tezligi global miqyosda kuzatilgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoriligini anglatadi.
2030-2050 yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida havo harorati 1,5-3 darajaga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Asosan Orolbo‘yi hududida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) havo haroratining eng ko‘p ko‘tarilishi kutilmoqda.
O‘z navbatida, ob-havoning bunday keskin o‘zgarib borishi yog‘inlar kamayishi, yerlar degradatsiyasi, chang bo‘ronlar sonining ortishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi hamda atrof tabiiy muhitining sezilarli darajada ifloslanishiga olib keladi.
Hozirgi kunda agentlikning Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postlarda kuniga 3 marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.
M.Komilova, O‘zA