Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari yakunlandi
15:01 / 2025-07-09

Bundan 28 yil muqaddam asos solingan, endilikda esa milliy adabiyotimizning Zomin maktabi, deb e’tirof etilayotgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari yurtimiz yoshlari ishtirok etishni astoydil maqsad qilgan betakror adabiy-ma’rifiy loyihaga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yosh ijodkorlarningmustaqil Vatan adabiyotiga Jizzax diyoridan qo‘yayotgan qadamlari qutlug‘ bo‘lsin!”, deb bildirgan ezgu tilaklari bugungi kunda mazkur seminarning mazmun-mohiyatini belgilovchi ustuvor g‘oyaga aylandi.

Seminarning tantanali yopilishiga bag‘ishlangan tadbir yoshlar uchun  chinakam bayramga aylandi. Mazkur seminar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Xalq banki, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. 

[gallery-24227]

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosarlari Sardor Shukrullayev, Gulnora Normurodova va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Zomin seminari dunyo ijodkor  yoshlari havasiga arzigulik ma’rifiy loyihaga aylanganini e’tirof etdi.

– Oradan o‘n, yigirma, o‘ttiz yillar o‘tar, lekin Zomin seminari yoshlarimizning qalbida bir umrga qoladi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Jizzax viloyati hokimligi tashabbusi bilan endilikda ushbu seminarning yosh ishtirokchilari uchun alohida tanlov o‘tkazish va uning g‘oliblarini Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilish ko‘zda tutilmoqda. 

Yurtimiz adabiy hayotida, adabiy jarayon va jamoatchilik orasida, ayniqsa yosh ijodkorlar uchun nufuzi va maqomiga ko‘ra, tom ma’noda adabiyot bayramiga aylangan Zomin seminari yoshlarga imkoniyat yaratish yo‘lida o‘ylangan xayrli tashabbus sababli an’anaviy tus oldi va uning aks-sadosi butun mamlakatimiz bo‘ylab yoyilib ketdi. Mazkur seminar o‘z maqomi, mazmuni va mohiyatiga ko‘ra jahonning hech bir davlatida uchramasligi uning o‘ziga xos jihatini belgilaydi.

O‘tgan yillar davomida ushbu seminarda qatnashib, ustozlardan oq fotiha olgan Bobur Elmurod, Javlon Jovliyev, Dadaxon Muhammadiyev, Alisher Boymurod, Anvar Botir o‘g‘li, Shaxriyor Shavkat, Nozima Habibullayeva, Shohsanam Nishonova, Suxrob Ziyo, Kumush Abdusalomova, Nurmuhammad Aziz, Jamoliddin Badalov va boshqa ijodkorlar adabiyot maydonida o‘z muxlislarini topishlari bilan birga, jamiyat rivojiga hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Bu yilgi Zomin seminari doirasida ko‘plab uchrashuvlar, anjumanlar, mushoiralar, adabiyotning bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat dasrlari, kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. “Rahbar va yoshlar”, “Adabiyot va ma’naviyat uyg‘unligi” mavzusidagi ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Taniqli fotograf Ahmad To‘ra ijodiga oid "Zomin ilhomlari" ko‘rgazmasi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi. “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Zominning eng go‘zal sharsharalari, purviqor tog‘lariga tashkil etilgan sayohatlar O‘zbekistonimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga chorlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

–Zomin seminari ijodkor yoshlar uchun katta motivatsiya bo‘lgani aniq, – dedi Yozuvchilar uyushmasining Xorazm viloyati rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Gavhar Ibodullayeva. –  Bolalar bir-birlari bilan do‘stlashdilar. Yozganlarini ustozlar nazaridan o‘tkazdilar. Seminar ijodkorlarga ruhiy madad, qo‘llov bergani aniq.

–Bu yil Ogahiy nomidagi ijod maktabini tamomlayapman, – dedi yosh ijodkor Jahongir Baxtiyorov. – Seminarda nazm yo‘nalishida qatnashdim. Ba’zi fikrlarimning to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildim. Ko‘plab xatolarimning ildizini tushunib yetdim. Shoir nima, she’r nima? Ana shu savollarga batafsil javob olish imkoni yaratildi. 

Seminar yakunida barcha ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandi. 

Tadbir yakunlandi. Lekin ijod va izlanish davom etaveradi. Yana yangi, badiiy barkamol asarlar yaratiladi.

Nazokat Usmonova, 

Jamshid Yorbekov (surat),

O‘zA