Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari bilan respublikadagi yirik sanoat va xududiy korxonalar o‘rtasida tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada respublikamizning barcha sanoat va xududiy korxonalari, xo‘jalik birlashmalari ishtirok etmoqda.
Yarmarkada xo‘jalik birlashmalari va yirik sanoat tashkilotlari xomashyo, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, uskuna va materiallarga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdimot qilib, kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish imkoniga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, zarur texnik-iqtisodiy asoslar va import tahlili asosida mahsulotlarni mahalliylashtirish bo‘yicha manzilli investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilib, tadbir davomida tadbirkorlarga taqdim etiladi.
Bugun, tadbirning birinchi kuni konchilik, metallurgiya, geologiya, kimyo sanoatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazilsa, ertaga yengil sanoat, energetika, neft-gaz, innovatsion loyihalar va ularni moliyalashtirish, 16 dekabrda elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, zargarlik, transport yo‘nalishida taqdimotlar va muzokaralar tashkil etiladi.
To‘rtinchi kuni esa qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, uzumchilik, baliqchilik, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika iste’mol tovarlariga bag‘ishlanadigan taqdimotlar uyushtiriladi.
Yarmarka 18 dekabr kuni yakunlanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA