Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Koreyaning Bundang klinikasi bilan hamkorlik o‘rnatdi
10:10 / 2023-10-11

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori D.Alimov Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, ushbu mamlakatning eng ilg‘or tibbiyot muassasalari 5 taligi va dunyoning top-100 ro‘yxatidan o‘rin olgan Seul milliy universitetining Bundang klinikasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur shifoxona o‘z faoliyatini 2003 yilda boshlagan bo‘lib, 1500 o‘rindan iborat. Ayni paytda markazga kuniga 10 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, yiliga 350 ming nafardan ortiq bemorga statsionar yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, bu yerda har yili 42 mingdan ziyod yuqori texnologiya vositlari orqali jarrohlik amaliyotlari bajariladi.

Bugungi kunda mazkur klinikaning ilg‘or texnologiyalarni davolash jarayonlarida qo‘llash usullari Yevropa va AQSH klinikalarida ham tadbiq etilmoqda. Yillik ilmiy-tadqiqot byudjeti 30 million AQSH dollaridan iborat bo‘lgan markaz 30 dan ortiq bo‘limlarda o‘tkaziladigan ilmiy loyihalar bo‘yicha mamlakatning eng yetakchi tibbiyot muassasasi sifatida tan olinadi.

Tashrif doirasida bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy yondashuv, jumladan, tibbiy saralash mezonlari, tibbiyotni raqamlashtirish, tibbiy ta’lim, teletibbiyot bo‘yicha hamkorlik va simulyatsion texnologiyalardan foydalangan holda yangi amaliyotlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, muloqot davomida ushbu markazda shikastlangan bemorlar uchun yaratilgan yordam tizimi haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik mutaxassis mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar bilan koreyalik hamkorlarni tanishtirdi.

SSV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqot yakunida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Seul milliy universitetining Bundang klinikasi bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

M.Qosimova, O‘zA