Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi
16:50 / 2026-02-10

O‘zbekistonda radioaktiv chiqindilar bilan xavfsiz va samarali ishlash tizimini takomillashtirish, ushbu sohada yagona davlat xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2026 yil 9 fevralda Hukumatning “Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Yadro fizikasi instituti huzurida faoliyat yuritib kelgan Respublika radioaktiv chiqindilarni ko‘mish punkti negizida Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi tashkil etiladi.

Markaz respublika hududidagi radioaktiv chiqindilarni maxsus avtotransport vositalarida tashish, qabul qilish, saralash hamda ularni uzoq muddatli xavfsiz saqlash bo‘yicha yagona davlat muassasasi sifatida belgilandi.

Hukumat qarorida Markazning asosiy vazifalari aniq belgilab berildi. Jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan yoki olib kirilgan, ishlash muddati tugagan yoxud ishdan chiqqan radioaktiv manbalar bilan ishlash jarayonida hosil bo‘lgan radioaktiv chiqindilarni saralash, qayta ishlash va uzoq muddatli saqlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilishning innovatsion usullarini ishlab chiqish, ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borish, sohada raqamlashtirish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish hamda tegishli davlat organlari bilan samarali axborot almashinuvini ta’minlash Markazning muhim vazifalari qatoriga kiradi.

Qaror radioaktiv chiqindilar bilan muomala qilish sohasida xavfsizlikni oshirish, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Hamroz Bayanov, O‘zA