Yangiyer shahrida zamonaviy ta’lim konsepsiyasi yo‘nalishida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Bu gal maktabgacha ta’lim tizimida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, bolalarda ilmiy fikr va ijodkorlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan Respublika o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi.
Tadbir “STEAM — orzularni haqiqatga aylantiradi” hamda “Kichik yoshda — katta orzular” shiorlari ostida o‘tdi.
Seminar Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov tashabbusi bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Singapurning “Marshall Cavendish Education” ta’lim tashkiloti hamkorligida o‘tkazildi. Unda Sirdaryo viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudirlari, umumta’lim maktablari direktorlari, pedagoglar va sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Seminarni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bo‘lim boshlig‘i Gulnora Parpiyeva kirish so‘zi bilan ochdi. U ta’lim jarayonida xalqaro hamkorlik va innovatsion yondashuvlarning ahamiyatini ta’kidlab, bolalarda mustaqil fikrlash, ijodkorlik va ilmiy tafakkurni rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanini qayd etdi.

– Zamonaviy ta’lim tizimida bola fikrlay olish, savol berib, izlanishga o‘rganishi kerak. Shu maqsadda xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Gulnora Parpiyeva.
Tadbir doirasida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Munisa Rizayeva, institut katta o‘qituvchisi Muhayyo Normirzayeva hamda boshqa mutaxassislar amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Ular Singapur tajribasiga asoslangan STEAM ta’lim tizimi, “Quvnoq matematika” va “Bilag‘on bolajon” mashq daftarlaridan samarali foydalanish usullarini namoyish etishdi.

– Mazkur dasturlar maktabgacha ta’lim tizimi rahbar va pedagoglari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, – deydi Muhayyo Normirzayeva. – Zamonaviy pedagog o‘z ustida ishlab, bolalarning fikrlash salohiyatini rivojlantirishda xalqaro tajribalardan unumli foydalanishi lozim.

Vazirlik buyrug‘iga muvofiq, 2025 yilning sentyabridan dekabr oyigacha respublika bo‘ylab Singapur mutaxassislari ishtirokida masofaviy va amaliy o‘quv kurslari tashkil etilmoqda. Ularda “Liderlik mahoratini rivojlantirish”, “Quvnoq matematika”, “Bilag‘on bolajon” hamda “Kasbiy mahoratni oshirish” yo‘nalishlari qamrab olingan.
Mutaxassislar jarayonda o‘quv-metodik materiallarni o‘zbek tiliga moslashtirish, tinglovchilarning faol ishtirokini ta’minlash va natijalarni tahlil qilish ishlarini amalga oshirmoqdalar. Bu esa yangi ta’lim modellarini amaliyotga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangiyerdagi seminar ishtirokchilari ilg‘or xorijiy usullar orqali bolalarda fanlarga qiziqish uyg‘otish, raqamli fikrlashni rivojlantirish hamda ta’lim jarayonini interaktiv usullarda tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
– Bolalarimizda ilmiy tafakkurni shakllantirish, savol berib fikrlashga o‘rgatish — kelajakni barpo etishning asosidir, – deydi Yangiyer shahridagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Nodira Turdiqulova. – Singapur tajribasi biz uchun amaliy yo‘llanma va katta ilhom manbai bo‘ldi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ularning fikricha, mazkur tashabbus nafaqat pedagoglar malakasini oshirishga, balki mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini zamon talablariga mos ravishda yangilashga xizmat qiladi.
Yangiyerda o‘tkazilgan bu seminar — ilg‘or tajriba, yangi yondashuv va orzularga qanot bag‘ishlaydigan ma’rifat maydoniga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri