Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika maxsus komissiyasining axboroti
10:31 / 2020-06-04

Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining AXBOROTI


Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining AXBOROTI

Respublikamizda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarliklari ostida koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hududlarni toifalarga ajratish orqali ularda bosqichma-bosqich iqtisodiyot sohalari va tadbirkorlik faoliyatini tiklashga ruxsat berilishi hozirgi kunga kelib oʻz samarasini bermoqda.

Shu munosabat bilan, mamlakatimiz Rahbari tomonidan berilgan koʻrsatmalarga binoan Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan karantin talablarini yana-da yumshatish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, 2020-yil 5-iyundan boshlab quyidagilarga ruxsat beriladi:

a) “sariq” hududlarda:

  • mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (xostellar bundan mustasno);
  • uy mehmonxonalari va soliq organlarida roʻyxatdan oʻtgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat koʻrsatish uchun);
  • mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat koʻrsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga;

b) “yashil” hududlarda “sariq” hududlarga qoʻshimcha ravishda:

  • individual shugʻullanish uchun trenajer zallari va basseynlar faoliyatiga.

Bunda trenajer zallari va basseynlar obyektlarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 °S va undan yuqori boʻlgan, infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda hamda tibbiy niqobda boʻlmagan hollarda kiritmaslik choralarini koʻrish, ijtimoiy masofani taʼminlash imkoniyati boʻlmagan jamoaviy sport turlarini oʻtkazmaslik talab etiladi;

  • madaniyat obyektlari (teatrlar) faoliyatiga, individual va jamoaviy repetitsiyalar oʻtkazish sharti bilan (30 kishidan koʻp boʻlmagan), tomoshabinlar va tashrif buyuruvchilarga ruxsat bermagan holda, spektakllarni onlayn rejimida yoki televideniye orqali translyatsiya qilish yoʻli bilan;
  • taʼlim markazlari, toʻgaraklar (10 kishidan koʻp boʻlmagan guruh tashkil etib, vaqtini oldindan kelishgan holda) faoliyatiga.

Bunda xodimlar va bolalarning sogʻligʻi holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam oʻlchab borish), infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan xodimlar va bolalarni mashgʻulotlardan chetlatish, shuningdek, sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qatʼiy rioya etish talab etiladi;

  • diniy tashkilotlar faoliyatiga.

Bunda diniy tashkilotlar binolarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash, xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shu jumladan, namoz vaqtida fuqarolarning oraliq masofasini 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda), shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 °S va undan yuqori boʻlgan, infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda hamda tibbiy niqobda boʻlmagan hollarda kiritmaslik choralarini koʻrish, jamoaviy diniy marosimlar (juma namozi va boshqalar)ni oʻtkazmaslik talab etiladi.

Shuningdek, 2020-yil 15-iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda quyidagilarga ruxsat berilmoqda:

a) umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatiga.

Shu bilan bir qatorda umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatini tashkil etishga qoʻyiladigan asosiy talablar sifatida quyidagilar belgilab qoʻyildi:

  • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻymaslik;
  • faoliyatini 8:00 dan 23:00 ga qadar tashkil etish;
  • stollar oraligʻidagi 2 metrdan kam boʻlmagan ijtimoiy masofani taʼminlash;
  • bir stol atrofida 4 kishidan koʻp boʻlmagan (10 kishidan koʻp boʻlmagan bir oila aʼzolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqopda boʻlishi;
  • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;

b) maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga. Bunda:

  • maktabgacha taʼlim tashkilotlarida mashgʻulotlarni 15 kishidan ortiq boʻlmagan guruhlarda tashkil etish;
  • maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolarini doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlash;
  • xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
  • tana harorati 37 °S va undan yuqori boʻlgan yoki infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan xodim va tarbiyalanuvchilarni mashgʻulotlarga kiritmaslik choralarini koʻrish talab etiladi;

v) buyum bozorlari faoliyatiga.

Bunda buyum bozorlari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi, ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan jihozlanishi, sotuvchilar va xaridorlar tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi, shuningdek, har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 °S va undan yuqori boʻlgan, infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan holatda hamda tibbiy niqobda boʻlmagan hollarda buyum bozorlari hududiga kiritmaslik choralarini koʻrish talab etiladi;

g) hududlar oʻrtasidagi avtobus qatnovlariga.

Bunda tashuvchilar faoliyati quyidagi talablardan kelib chiqqan holda tashkil etiladi:

  • transport vositasini yakuniy yoʻnalish nuqtasida dezinfeksiya qilish;
  • avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqoblardagi yoʻlovchilarni kiritish;
  • haydovchilarni tibbiy qoʻlqop va tibbiy niqoblar bilan taʼminlash hamda ularning muntazam ravishda oʻz vaqtida almashtirib borilishi choralarini koʻrish.

Karantin davrida muddati tugaydigan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga tegishli malaka toifasi berilganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarning amal qilish muddati 2020-yil 1-oktyabrga qadar uzaytirildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda, barcha hududlarda ularning toifasidan qatʼi nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinmoqda:

  • jamoat joylari va tadbirkorlik faoliyati obyektlarida ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yigʻilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
  • taʼlim tashkilotlari (maktab, litsey, kollej, texnikum, institut, universitet va boshqalar) faoliyatini yoʻlga qoʻymaslik;
  • koʻngilochar obyektlar – tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter oʻyinlari markazlari faoliyatiga yoʻl qoʻymaslik;
  • konsert, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari oʻquv mashgʻulotlari va Oʻzbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) oʻtkazmaslik;
  • jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
  • dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik doʻkonlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini oʻlchab, 37 °S va undan yuqori boʻlgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini koʻrish;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshak”lar bilan taʼminlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini taʼminlash;
  • qurilish-taʼmirlash ishlarida obyektlarning hududi toʻliq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda obyektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilish, oʻz faoliyatini faqatgina tegishli obyekt hududi doirasida tashkil etish.

“Qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini oʻrnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

Shuningdek, Karantin sharoitida umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyatini tashkil qilish boʻyicha vaqtinchalik tartib hamda Karantin sharoitida ruxsat berilgan faoliyat turi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlarida sanitariya-epidemiologik nazoratni amalga oshirish boʻyicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasiga faoliyati tiklanayotgan sohalarda va tadbirkorlik subyektlarida karantin talablari, sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish topshirildi.