Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi – mamlakatimizdagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri
16:18 / 2024-10-18

Mamlakatimizdagi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi markazi tashkil etilganiga 50 yil bo‘ldi.

Bugungi kunda Markaz o‘z tarkibida 14 ta hududiy filial, 46 ta tumanlararo perinatal markaz, 170 dan ortiq tug‘uruq kompleksi va 209 ta Ayollar maslahatxonasini birlashtirgan. Markaz dunyodagi yetakchi tibbiyot markazlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, tibbiy diagnostika va davolashning ilg‘or usullarini klinik amaliyotga keng joriy etmoqda. Xususan, ginekologiya yo‘nalishida yiliga 1300 dan ortiq jarrohlik operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 36 turdagi yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yilgan.

Markazning yurtimizdagi davlat davolash muassasalari orasida birinchi bo‘lib xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani uning nufuzi nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 50 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ushbu yutuqlar e’tirof etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, Hukumat a’zolari, senator va deputatlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi, tizimga qarashli davolash-profilaktika muassasalari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari mas’ullari hamda xorijlik olimlar, tadqiqotchilar va soha faxriylari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Prezident Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov Prezidentimizning Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi jamoasiga tabrigini o‘qib eshittirdi.

“So‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan dasturlarimiz doirasida ona va bola salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotganimiz albatta, bejiz emas. Chunki bu yurtimizdagi har bir inson va oila, butun jamiyatning baxti va kelajagi bilan bog‘liq g‘oyat muhim masaladir.

Shu maqsadda tibbiyotimizning ushbu yetakchi tizimi ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida isloh qilinib, uning moddiy-texnik, ilmiy-metodik bazasi, kadrlar salohiyati, tarkibiy tuzilmasi tubdan takomillashtirildi.

Ayniqsa, o‘tgan yili tarixiy an’analarga ega bo‘lgan uchta muassasa negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etganimiz bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ldi. Natijada mamlakatimizda 9 million 200 ming nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda homila salomatligini nazorat qilib borishning yaxlit va vertikal boshqarish tizimi yaratildi, takomillashtirilgan tibbiy profilaktika hamda patronaj xizmatlari yo‘lga qo‘yildi“, – deyiladi tabrikda.

Davlatimiz rahbari tabrigida ta’kidlanganidek, inson, jumladan, ona va bola salomatligiga nisbatan xavf-xatarlar tobora ko‘payib borayotgan hozirgi murakkab zamonda bu borada oldimizda yanada dolzarb vazifalar paydo bo‘lmoqda. Bu esa barchamizdan har qachongidan ham ko‘proq mehnat, izlanish va safarbarlikni talab etmoqda.

Tadbirda “Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 50 yilligi munosabati bilan bir guruh xodimlarni mukofotlash to‘g‘risida“gi Prezident farmoniga muvofiq yigirmaga yaqin soha fidoyilari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘z egalariga topshirib, Markaz jamoasini ushbu qutlug‘ sana bilan tabrikladi.

Anjuman doirasida mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xorijlik tibbiyot olimlari hamda yurtimiz shifokorlariga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi“ ko‘krak nishoni topshirildi.

Shuningdek, tadbirda qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari va xorijiy hamkorlarning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan videotabriklari namoyish etildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA