Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi – yuksak ilmiy salohiyatga ega tibbiyot muassasasi
10:55 / 2022-03-17

O‘zbekiston tibbiyoti – inson qadri uchun

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda kardiologiya sohasida yuksak ilmiy salohiyatga ega tibbiyot muassasasi hisoblanadi. Markazda 241 o‘rinli statsionar va kuniga 250 qatnovga mo‘ljallangan Maslahat poliklinikasi hamda ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalari faoliyat yuritadi.

Bular O‘tkir miokard infarkti, Yurak ishemik kasalligi, Yurak aritmiyalari, Arterial gipertoniya va Yurak yetishmovchiligi va nokoronarogen kasalliklar, Funksional tekshiruvlar hamda Klinik bioximiya laboratoriyalaridir.

Ushbu laboratoriyalarning vazifalari nimalardan iborat va ularda qanday ishlar amalga oshiriladi? Bu haqda markaz direktori Xurshid FOZILOV batafsil so‘zlab berdi.

Arterial gipertenziya laboratoriyasi

– Ushbu ilmiy laboratoriyada yuqori qon bosimi bilan og‘rigan bemorlarni o‘z vaqtida tashxislash va davolashni optimallashtirish usullarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. So‘nggi 5 yilda gipertoniya kasalligi bor bemorlarni tashxislash va davolashda katta muvaffaqiyatlarga erishildi, ilmiy natijalar asosida klinik amaliyotga gipertoniya kasalligini davolash va oldini olish bo‘yicha bir qator ilmiy ishlanmalar tatbiq etildi.

Jumladan, tuzga sezgir arterial gipertenziyaning genetik tamoyillari o‘rganildi va oldini olish reja-tadbirlari ishlab chiqildi. “Orolbuyi mintaqasida gipertonik krizlarni aniqlash va davolash” mavzusi ekologik beqaror xududda gipertoniya kasalligining tamoyillarini aniqlash va davolashni takomillashtirish imkonini berdi.

Gipertonik bemorlarda qon tomirlar erta qarishi, yurak va qon tomirlar shikastlanishini erta aniqlash mavzularida dasturiy ishlanmalar va ixtiroga patent oldindi. Natijada yurak-qon tomir kasalliklarining ikkilamchi profilaktikasini samarali amalga oshirish, farmakoterapiyani alohida tanlash, bemorlarning davolanishga moyilligini oshirish, shu bilan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash, nogironlik va o‘lim foizini kamaytirish, kasalxonaga yotqizish sonini kamaytirish, nogironlik kunlarini kamaytirish imkonini berdi.

Arterial gipertenziya laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan respublikamizda ilk bor gipertoniya kasalligi rivojlanishining epigenetik mexanizmlarini o‘rganish ilmiy loyihasi amalga oshirilmoqda, bemorlarning DNK banki yaratildi, gipertonik bemorlarning genetik “pasportini” yaratish bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda.

Yurak ishemik kasalliklari laboratoriyasi

Giperxolesterinemiya bilan og‘rigan bemorlarni erta aniqlash va hayotini saqlab qolish uchun zamonaviy texnologiyalarni izlashga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Markaz zamonaviy uskunalar, shu jumladan sekvenator bilan jihozlash, ateroskleroz va yurak-qon tomir asoratlari rivojlanishiga olib keladigan genetik mutatsiyalarning keng doirasini aniqlash va davolanishni individual tanlash imkoniyati yaratildi.

Laboratoriya ilmiy loyihasida amalga oshirilgan yana bir yo‘nalish – bu koronavirusdan kasallangan bemorlarni davolash va ularning ishlash qobiliyatini tiklash uchun yangi texnologiyalarni izlash. Global COVID-19 pandemiyasi rivojlanib borishi bilan ba’zi bemorlarda uzoq muddatli alomatlar paydo bo‘lib, ko‘pincha o‘tkir COVID-19 infeksiyasining dastlabki davridan keyin ko‘plab organlar va tizimlarga ta’sir qiladi.

Xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, bu “COVIDdan keyingi” – “post- COVID”deb nomlangan. Kversetin bilan davolash postkovidli bemorlarda bir oy davomida aterosklerotik tuguncha yallig‘lanishini barqarorlashtirishga olib keldi, olingan ijobiy natijalar asosida Intellektual mulk agentligiga “Ixtiro” uchun ariza topshirildi.

Kelajakda giperxolesterinemiya genetik shakllari va ateroskleroz asoratlari xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarni Inkliziran (PSSK9) genining ekspressiyasiga ta’sir mikro-RNK(siRNA), innovatsion preparati bilan davolash imkoniyatini o‘rganish ilmiy maqsad qilib belgilandi. Ushbu texnologiyaning amalga oshirilishi miokard infarkti rivojlanishini oldini olish, bemorlar hayotini saqlashdan, stentlash va aortokoronar shuntlash jarrohliklariga ketadigan xarajatlarni tejash bilan birlamchi profilaktika bosqichida, yiliga 2 ta in’eksiya yo‘li bilan kasallikni oldini olish imkonini beradi.

Yurak aritmiyalari ilmiy laboratoriyasi

Markazimizning Yurak aritmiyalari ilmiy laboratoriyasida hayot uchun xavfli yurak ritmi buzilishi mavjud bemorlarda yuqori texnologik, molekulyar-genetik, elektrofiziologik va farmakologik usullarni qo‘llagan holda tromboembolik asorat va to‘satdan o‘lim rivojlanish xatar omillarini aniqlash va bartaraf etishga karatilgan differensial elektron platformasini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladi.

Tadqiqotlar natijasida amaliyotga yangi, mahalliy Aksaritmin preparati turli aritmiyalarni davolashda tatbiq etildi. Ushbu preparatning yuqori samaradorligi va xavfsizligini tasdiqlovchi 2 ta ixtiroga 2019 yilda Iltellektual mulk agentligidan patent olindi. Yana bir tibbiy va ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha bo‘lmachalar fibrillyatsiyasining tromboembolik asoratlarini kamida 60 foiz qisqartirishga qaratilgan ilmiy izlanishlar bo‘yicha respublikamizda ilk bor bo‘lmachalar fibrillyatsiyasi registri amalga oshirilmoqda.

Oxirgi besh yillikda aritmiya yo‘nalishi bo‘yicha qilingan ilmiy ishlar jahon kardiologiyasi ekspertlari tomonidan yuqori baholandi. Shu bilan birga laboratoriya xodimlari ixtiyorida medikamentoz va yuqori texnologik tekshiruvlar – koronarografiya, MSKT, ExoKG, Xolter EKG sutkalik monitorlash, Invaziv elektrofiziorlogik radioto‘lqinli ablatsiya, yurak ritmi variabelligi, turbulentligi, kechki potensiallarni aniqlash va dinamik kuzatishga imkon beruvchi zamonaviy uskunalar mavjud.

Yurak yetishmovchiligi va nekoronarogen miokard kasalliklari ilmiy laboratoriyasi

Laborotoriyada professor Timur Abdullayev rahbarligida 4 nafar tibbiyot fanlari nomzodlari, kichik ilmiy xodimlar va vrach-ordinatorlardan iborat jamoa ishlamoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida kardiomiopatiya va surunkali yurak etishmovchiligi bo‘lgan eng og‘ir toifaga kiruvchi kardiologik bemorlarni tashxislash, davolash usullarini joriy etildi va optimallashtirildi.

Ilmiy laboratoriyada kam o‘rganilgan kasalliklardan dilatatsion kardiomiopatiya, peripartal kardiomiopatiya, gipertrofik kardiomiopatiya, ishemik kardiomiopatiyalar, miokarditlar, yurak klapanlari kasalliklari va o‘pka gipertenziyasi bilan og‘rigan bemorlarning ma’lumotlar bazasi yaratildi.

Ilmiy laboratoriya xodimlari bir necha bor Respublika, MDH va Yevropaning ilmiy anjumanlarida ishtirok etib natijalarini ma’ruza kilishdi. Oxirgi 5 yil davomida 1 ta doktorlik va 4 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Hozirgi vaqtda ilmiy laboratoriya xodimlari Yevropada tashkil etilgan ko‘p qirrali HFIII ilmiy izlanishda ishtirok etmoqda.

Funksional tekshiruvlar hamda Klinik bioximiya laboratoriyasi

Funksional tekshiruvlar laboratoriyasida klinik amaliyot bilan birga ilmiy izlanishlar olib borilishi yangi diagnostik uslublarni kundalik amaliyotga tatbiq qilish imkonini yaratdi. Jumladan, oxirgi besh yil mobaynida funksional tekshiruvlar hajmi 5 barobar oshdi. Klinik amaliyotga yangi yuqori texnologik diagnostik funksional tadqiqotlar – transtorakal va qizil o‘ngach orqali o‘tkaziladigan 3D Exokardiografiya, Spekl-treking Exokardiografiya usullari bo‘lsa, davolash amaliyotiga esa ultratovushli vizualizatsiya usullari orqali bajariladigan intervension rentgenjarrohlik davolash amaliyotlari tatbiq etildi.

Yurak bilan bir qatorda qon tomirlarni multislays kompyuter tomografiyasi va ultratovush sonografimyasi insultni barvaqt tashxislash va profilaktika qilishda asosiy funksional tekshiruvlar qatorida tekshiruv standartlariga kiritildi. 2018-2020 yillar davomida “Yurak ishemik kasalligini barqaror shakli bilan og‘rigan bemorlarni jarrohlik revaskulyarizatsiya usuli bilan davolashda yuqori texnologik vizualizatsiya metodlarini joriy qilishni optimallashtirish” mavzusidagi ilmiy loyiha yuksak ilmiy-amaliy samaralar berdi. Tadqiqot natijasida “Koronar aterosklerozning noinvaziv diagnostikasi” dasturiy mahsulot va kalkulyatori ishlab chiqildi.

O‘zA muxbiri Mohigul Qosimova yozib oldi