Respublika ishchi guruhi Toshkent viloyatida aholi muammolarini o‘rganish, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli eng og‘ir mahallalardagi tizimli masalalarni hal qilish bo‘yicha faoliyat olib bordi. Bu jarayonda yo‘llar ta’miri, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bog‘liq murojaatlar joyiga chiqib o‘rganildi, dasturlar ijrosi jadallashtirildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori murojaatlar tahliliga asoslangani uchun ham tom ma’noda xalq ovozini anglatib turadigan, xalq dardiga darmon bo‘ladigan tarixiy hujjatdir. Shu hujjat sharofati bilan bugun Toshkent viloyatining ham yuzlab mahallalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bois ko‘plab tizimli masalalar hal bo‘lyapti.

Xususan, Respublika ishchi guruhi ko‘magi bilan Toshkent viloyatining 481 ta mahallasida 114,2 km. ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari jadallashtirilgani bilan obi hayot so‘ralgan minglab murojaatlar hal qilinmoqda. Ayni kunlarda birgina Toshkent viloyatining 481 ta mahallasida ichimlik suvi tortilyapti va bunday keng qamrovli bunyodkorlik harakati viloyat tarixida birinchi marta yuz bermoqda. Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun!” g‘oyasining real hayotimizdagi amaliy natijasiga yorqin hayotiy isbot, ming-minglab insonlarning o‘z umridan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash yo‘lidagi dadil qadamdir.

Shuningdek, 4 ta transformator o‘rnatilib, 41,3 km elektr tarmog‘i tortilishi, 1 ming 250 dan ziyod beton tayanchlar o‘rnatilishi bilan 43 ta mahalladagi elektr ta’minoti yaxshilandi. Jumladan, Yangiyo‘l tumani Qovunchi qishlog‘ida ham shu kunlarda 3 km. elektr tarmog‘ini yangilashga kirishilgan. Bu bilan 148 ta xonadonda elektr energiyasi kuchlanishi me’yorga keltirilib, 18 foiz elektr toki yo‘qotishlariga barham beriladi.

“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 463 nafar murojaatchiga 11,7 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi, 1 ming 380 nafardan ziyod ishsiz insonlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Xalq qabulxonalari, sektorlar va mahalla institutining o‘zaro uyg‘un ishlashini ta’minlash esa bu boradagi natijalar bardavomligini ta’minlashda muhim platforma bo‘ladi.
Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi faoliyati davomida ham viloyatga tom ma’noda ko‘klam, uyg‘onish kirib keldi. Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan mahallalarda “Sumalak sayli” tadbirlari o‘tkazilayotgan bo‘lsa, dashtu dalalarda bahorgi yumushlar boshlandi.
Obodonlashtirish ishlari, ko‘chat ekish tadbirlari yanada avjlantirildi. Shunga ko‘ra, bu yil bahorgi mavsumda Toshkent viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 million 142 ming tup mevali-manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Republika
ishchi guruhining Toshkent viloyatidagi o‘rganishlari davomida har bir tuman-shahardagi dolzarb, tizimli masalalar murojaatlar tahlili va dasturlar ijrosiga bog‘liq holda har tomonlama chuqur o‘rganildi.
Aniqlangan muammolarni har tomonlama tahlil qilish va hal etish maqsadida aniq moliyalashtirish manbalari, ijro muddatlari va mas’ul ijrochilar belgilangan holda har bir tuman, shahar uchun alohida “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA