Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika ishchi guruhi tomonidan qanday muammolar bartaraf etilmoqda?
17:29 / 2023-10-27

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizning eng chekka va olis hududlarida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish maqsadida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Hududlardagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida  Respublika ishchi guruhi shakllantirilib, uning tarkibiga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari hamda viloyat hokimliklari, tashkilot va idora mas’ullari kiritildi.  

O‘tgan bir yarim oy mobaynida Respublika ishchi guruhi boshchiligida tanlangan 70 ta “qizil” toifadagi mahallalarda uyma-uy xatlovlar o‘tkazilib, natijalari asosida har bir hudud kesimida muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi va ishlar boshlab yuborildi.  

Jumladan, sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgan 2 mingdan ziyod oilaning turar joylari joriy va kapital ta’mirlab berildi, 459 tasida kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 554 ta ichki ko‘chaga 78 km uzunlikda asfalt, 293 km yo‘lga shag‘al, 16 km yo‘lga beton yotqizilib, 18 ming 946 m2 piyodalar yo‘lagi barpo etildi.  

Elektr ta’minotida 125 km uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 895 dona yoritish moslamalari o‘rnatildi, 46 ta yangi transformator o‘rnatilib, 163 tasi ta’mirlandi. 4 ming 288 ta simyog‘och ustunlar beton ustunlarga almashtirildi, 1 ming 363 ta yangi qo‘shimcha temir-beton ustunlar o‘rnatildi. Gaz ta’minoti bo‘yicha 112 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi, 4 km uzunlikdagi yangi tabiiy gaz tarmog‘i tortildi, 128 km gaz tarmog‘i ta’mirlandi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 133 km uzunlikdagi yangi suv tarmog‘i tortildi, 9 km ta’mirlandi, 6 ta yangi ichimlik suvi inshooti o‘rnatildi va 16 tasi ta’mirlandi.  

Ko‘p qavatli uylar holatini yaxshilash uchun 20 ta ko‘p qavatli uyning 243 m2 tom qismi, 24 tasining kirish yo‘laklari ta’mirlandi. Aholi talabiga ko‘ra 2 mingga yaqin xonadonga qo‘shimcha 1,5 ming tonna ko‘mir va 12 mingga yaqin suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.  

Shuningdek, sharoiti og‘ir bo‘lgan aholi qatlamiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, 70 ta mahalladagi 4 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi. 716 nafar “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga 2 milliard so‘mga yaqin turli yordam ko‘rsatildi, 54 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 60 nafariga protez-ortopediya vositalari, 5,2 ming nafariga bepul dori-darmon vositalari, 137 nafariga tikuv mashinasi va 102 nafar fuqaroga asbob-uskunalar va mehnat qurollari olib berildi.  

Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 100 mingga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra ularning 703 nafariga davolanish uchun order, 40 nafariga sihatgoh, sanatoriy va profilaktoriyalarga yo‘llanma berildi, 31 nafar yakka-yolg‘iz keksalarga hamda 190 nafar nogironlarga turli yordamlar ko‘rsatildi. Shu bilan birga aholi orasida kichik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 581 nafar fuqaroga 10 milliard 645 million so‘mlik imtiyozli kredit, 245 nafariga 1 milliard 590 million so‘mlik subsidiya olishiga ko‘maklashildi.  

Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yaxshilash maqsadida 4 mingdan ziyod tadbir tashkil etildi. “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA