Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Respublika ishchi guruhi samarqandliklarning sud-huquq sohasidagi murojaatlarini eshitmoqda
19:44 / 2021-06-16

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha sayyor qabul o‘tkazmoqda.

Belgilangan rejaga muvofiq, ishchi guruh uch kun davomida Samarqandda sud-huquq masalalari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilishi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki qabul Samarqand shahri, Pastdarg‘om va Nurobod tumanlari fuqarolari uchun Samarqand shahridagi Yoshlar markazi binosida tashkil etildi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Isakov, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari – harbiy prokuror Sh. Uzoqov, Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Oybek Qulbekovlar tomonidan fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, sayyor qabul davomida viloyat hokimligi mutasaddilari, boshqarmalar rahbarlari hamda tuman va shahar hokimliklari mas’ullari fuqarolarning ijtimoiy sohalarga oid murojaatlarini qabul qilishdi.

[gallery-2812]

– Respublika miqyosidagi rahbarlarning hududlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullari fuqarolar uchun ayni muddao, bor-kel degan sarsongarchiliklar oldini olinadi, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Erkin Atayev. – bugungi sayyor qabulda ham minglab yurtdoshlarimiz yechimini topmayotgan muammolari bilan mutasaddilarga murojaat qilishdi. Ko‘plab muammolar shu yerni o‘zida hal etilmoqda. 

Men sayyor qabulga muammo bilan emas, tashakkurnoma bilan keldim. Sud-huquq sohasida davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mas’ul rahbarlarning olib borilayotgan o‘zgarishlarni amaliyotga samarali tatbiq etishi natijasida jamiyatda adolat qaror topib bormoqda. 

Men ham bir necha yillar davomida firibgarlar tuzog‘iga tushib moddiy zararni undirolmay sarson bo‘ldim. Sayyor qabullarda mas’ullarga uchrashib, ularning tavsiyalariga asosan ish yuritib, yaqinda Samarqand shahar fuqarolik ishlari sudida ishim hal bo‘lib, keltirilgan moddiy zarar qoplab berildi. Shuning uchun bugungi tadbir davomida Oliy sud rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildirdim.

Respublika ishchi guruhi belgilangan rejaga muvofiq, ertaga 17 iyun kuni ertalab 9:00dan boshlab Oqdaryo tumani markazida tuman aholisi va Payariq, Qo‘shrabot hamda Ishtixon tumanlari fuqarolari murojaatlarini qabul qiladi. Kunning ikkinchi yarmida Kattaqo‘rg‘on tumani markazida tuman aholisi va Kattaqo‘rg‘on shahri, Narpay va Paxtachi tumanlari fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazishadi. 18 iyun soat 9:00dan boshlab Toyloq tumani markazida toyloqliklar va Jomboy, Bulung‘ur va Urgut tumanlari aholisi murojaatlari qabul qilinadi.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat hokimi E.Turdimov ham ishtirok etdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA