Texnika taraqqiyoti imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Xususan, ko‘rishda nuqsoni bor shaxslar telefon va kompyuterdan ovozli yordamchi orqali bemalol foydalanish imkoniyatiga ega. Bu, ularning o‘qish va mehnat faoliyati mobaynida asqatmoqda. Umuman olganda, inklyuzivlashuv rivojlanayotgan bugungi kunda imkoniyati cheklanganlarning kompyuter texnologiyasidan unumli foydalanishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent shahrida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabda Respublika inklyuziv IT-oromgohi rasman ish boshladi.

Yurtimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 150 nafar iste’dodli va faol yoshlar 5 kun davomida robototexnika hamda raqamli san’at yo‘nalishlarida bilim va ko‘nikmalarini yanada oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur muhim tashabbus ishtirokchilarga innovatsion texnologiyalar bilan yaqindan tanishib, o‘z ijodiy va texnik salohiyatini namoyon etish imkonini beradi.

Sherbek Islomov,
O‘zA