Prezident Administratsiyasi topshirig‘iga asosan ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Respublika idoralararo ishchi guruhi vakillari hududlarda bo‘lib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolarini manzilli bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
Bu jarayonda muammolarni hal etish, bandlikni ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, narx-navolar barqarorligini ta’minlash, jamoat xavfsizligi va yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga e’tibor qaratilayotir.
Shu bilan birga ichki ishlar organlarida murojaatlar bilan ishlash ahvoli, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi, ishsizlar va sog‘lig‘ini yo‘qotgan shaxslar bilan hamda nizoli oilalar bilan manzilli ishlash ahvoli o‘rganilmoqda.
IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Qoraqalpog‘istonda o‘rganish ishlari yakunlanib, ko‘plab muammolarga joyida yechim topildi. Xususan, bevosita mahallalarga borgan holda aholining kayfiyatini ko‘tarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, kam ta’minlangan va ijtimoiy yordamga muhtoj mingga yaqin oila o‘rganildi. Ulardan kelib tushgan 411 murojaatning deyarli barchasi hal etildi. Sayyor qabullar o‘tkazilib, 162 murojaat hal etildi, 972 nafar fuqaroga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Bu jarayon Buxoro viloyatida davom ettirildi. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari amalga oshirayotgan ishlar ko‘zdan kechirilib, faoliyatning natijadorligi tahlil qilindi.
Faoliyati davomida bir guruh mutasaddi rahbarlar asossiz xotirjamlikka berilib, bir qator kamchilikka yo‘l qo‘ygani o‘rganishlar jarayonida aniqlanib, kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘rganishlar davomida 52 nafar tuman-shahar sektor rahbari, 2 ming 720 mahalla beshligiga aholining muammolarini hal etish borasida yangi ish uslublarini o‘rgatish bo‘yicha amaliy seminarlar tashkil etildi.
Yoshlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va ularni diniy ekstremizm oqimlaridan asrash bo‘yicha huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Bevosita mahallalarga borgan holda kam ta’minlangan va ijtimoiy yordamga muhtoj to‘rt ming oila o‘rganildi. Ulardan tushgan 2 ming 361 murojaatning 2 ming 309 tasi hal etildi. Qolganining ijrosi sektor rahbarlariga topshirildi.
Ko‘p qavatli uylarning yerto‘la, tom qismi va kommunikatsiya tizimi ta’mirlanib, elektr, tabiiy gaz, oqova va ichimlik suvi tarmog‘idagi nosozliklar bartaraf etildi. Mahallalar hududidan o‘tgan ichki ariqlar va kanallarning 56 chaqirim qirg‘oqlari tozalandi, 63 tonna maishiy chiqindi olib chiqildi.
Shuningdek, 3 chaqirim yo‘l shag‘allashtirildi, 4,7 chaqirim asfalt yotqizildi, 7,1 chaqirim yo‘l chiziqlari qaytadan chizildi, piyodalar o‘tish joylari tiklanib, zamonaviy svetoforlar, ayrim yo‘l belgilari o‘rnatildi. Tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan mahallalar aholisiga 8 mingga yaqin suyultirilgan gaz balloni tarqatildi.
572 nafar fuqaro sayyor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 76 nafar bemorga tibbiy xizmat, 29 nafar qariyaga ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan 146 nafar fuqaroga joyiga chiqqan holda bepul dori-darmon, zarurati bo‘lganlarga nogironlik aravachasi, eshitish moslamasi, hassa, tirsakli qo‘ltiq tayoq, davolanish uchun yo‘llanma (order) berildi, 54 nafariga sanatoriylarga yo‘llanma berildi.
Bozorlar va olis mahallalarda oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etilib, aholiga 43,6 tonna mahsulot arzonlashtirilgan narxda sotilishi ta’minlandi.
Mehnat yarmarkalari tashkil etilib, 197 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi, 43 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish o‘rniga, 25 nafari esa haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etildi.
Mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, 113 murojaat hal etildi, 1,5 mingdan ziyod fuqaroga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 114 nafar aliment to‘lovchi qarzdorlar ish bilan ta’minlandi, 53 nafar shaxsdan 312 million so‘m miqdorida aliment puli undirib berildi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan 10 mingdan ortiq xonadon o‘rganilib, 414 huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanishi ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlandi va ularning muammolarini hal etish uchun mahalladagi beshlikka biriktirildi.
Nizoli oilalar o‘rganib chiqilib, ko‘plab oilaviy muammolar bartaraf etildi, 23 nafar ayolga “himoya orderi” rasmiylashtirildi.
104 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida va 39 nafar fuqaro qayta yakka tartibdagi tadbirkor sifatida hamda 821 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilish bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan kompleks tezkor-profilaktik va maxsus tadbirlar natijasida 3 ta jinoiy va 24 ta ma’muriy holat aniqlanib, 1 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Ilgari sodir etilib, ochilmasdan qolgan 7 ta jinoyat fosh etildi. Yo‘llarda xavfsiz harakatlanishni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan maxsus “Avtoreyd” tadbirida 1,3 mingga yaqin qoidabuzarlik aniqlanib, haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Respublika idoralararo ishchi guruhining hududlardagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA