Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Davlat dasturi doirasida 226 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Belgilangan chora-tadbirlar asosida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida qator ishlar amalga oshirilgan.
Yig‘ilishda ekologik yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 265 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Orolbo‘yi hududlarida keng ko‘lamli yashil qoplamalar barpo etilgan. Sanoat korxonalarida chiqindilar va atmosferaga zararli moddalar chiqarilishini kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.
[gallery-27815]
Respublika bo‘yicha jami 155 ta tuman va shaharlarda “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari” barpo etildi. Respublikaning tuman va shaharlarida 475 km. uzunlikdagi “Soyali sayr ko‘chalari”, 378 km. uzunlikdagi sog‘lomlashtirish yo‘laklari tashkil etilishi aholi uchun qulay atrof-muhit yaratish bilan birga, ularda sog‘lom turmush tarzining shakllanishini yanada kuchaytirmoqda.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, zamonaviy monitoring stansiyalarini o‘rnatish, o‘rmonzorlar maydonini kengaytirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvon va qushlarni ko‘paytirish borasidagi ishlar, shuningdek, qurilish jarayonlarida ekologik talablarga amal qilish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar xususida savollar o‘rtaga tashlandi va tegishli javoblar olindi.
Fraksiya a’zolari muhokamalardan so‘ng Vazirlar Mahkamasining hisobotini qo‘llab-quvvatladi.
Muhtarama Komilova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA