Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rentgen uskunasi keltirildi
15:27 / 2026-01-26

Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga viloyat hokimligi tashabbusi bilan qiymati 744 million so‘m bo‘lgan yangi avlod SiCoRD-MT past nurlanishda ishlaydigan mobil raqamli rentgen apparati olib kelindi.

Mazkur uskuna bolalar organizmiga moslashtirilgan bo‘lib, nurlanish darajasi an’anaviy rentgen apparatlariga nisbatan bir necha barobar kam. Shu bilan birga, u yuqori aniqlikdagi raqamli tasvirlarni qisqa vaqt ichida olish imkonini beradi. Apparatning mobilligi uni reanimatsiya, jarrohlik bloki va shifoxonaning boshqa bo‘limlarida bemorni ko‘chirmasdan turib qo‘llash imkonini yaratadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bolalar tibbiyotida, ayniqsa neyrojarrohlik, travmatologiya va onkologiya yo‘nalishlarida har bir millimetrlik aniqlik hayotiy ahamiyatga ega. Ilgari bunday tekshiruvlar uchun bemorlarni boshqa muassasalarga yuborishga to‘g‘ri kelgan, bu esa vaqt yo‘qotilishi va qo‘shimcha xavflarni keltirib chiqarar edi.

–  Mazkur apparatning muassasamizga olib kelinishi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini rejalashtirish va ularni bajarishda muhim diagnostik vositaga aylandi. Ayniqsa, o‘ta murakkab neyrojarrohlik operatsiyalarida operatsiya oldidan va uning davomida aniq vizual nazoratni ta’minlayotgani katta yutuq, –  deydi neyroxirurg Shuhrat Qilichev.

Qayd etilishicha, zamonaviy raqamli rentgen uskunalarining joriy etilishi nafaqat tibbiy xizmat sifatini oshiradi, balki og‘ir holatdagi bolalarga o‘z vaqtida va aniq yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

– Eng asosiysi, muassasaga keltirilgan mazkur apparat yuqori sezuvchan raqamli detektor bilan jihozlangan bo‘lib, u minimal nurlanish sharoitida ham aniq va yuqori sifatli tasvirlarni olish imkonini beradi. Bu esa nur yukini kamaytirish bilan birga, diagnostika aniqligini yanada oshiradi, – deydi Shuhrat Qilichev.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri