Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Renovatsiyaga oid qonun loyihasi qabul qilindi
15:50 / 2025-09-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

– Mazkur loyiha bilan shaharsozlik renovatsiyasi asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy prinsiplari, renovatsiya bosqichlari, bu borada loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, sohada davlat boshqaruvi asoslari belgilanmoqda, — dedi deputat N.Sultonov. — Shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tartibda kelishuv bitimi imzolanishi nazarda tutilyapti. Ya’ni, hech kim renovatsiyada ishtirok etishga majburlanmasligi hamda renovatsiya ixtiyoriylik prinsipiga asoslanishi mustahkamlanyapti. Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, davlat xususiy mulkning saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan huquq egalarining manfaatlarini buzishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy kafolatlanmoqda. Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda esa hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilyapti. Renovatsiya dasturi loyihasi renovatsiyaga tushadigan uy-joy mulkdorlarining roziligiga asoslanadi hamda keng jamoatchilik muhokamalaridan o‘tkazilishi lozim.   

Shuningdek, shaharsozlik renovatsiyasi doirasida huquq egasining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda xususiy mulk huquqini hamda yer egasining yerga bo‘lgan huquqini amalga oshirish borasida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin etilishi aks etmoqda.   

Bundan tashqari, renovatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritish bilan bir vaqtda “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasi, OAV, rasmiy veb-saytlar va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shartligi belgilab qo‘yilmoqda.   

Qaysi hudud renovatsiya qilinishi mumkinligiga doir aniq mezonlar belgilanmoqda. Renovatsiyaga mahalliy hokimlik, shu hudud aholisi va investorlar taklif kiritishi mumkinligi o‘z aksini topgan. Mulkdorlar uchun renovatsiya hududining o‘zidan turar yoki noturar joy berish, boshqa hududdan joy berish va uyning bozor qiymatidagi bahosida pul to‘lash kabi kompensatsiya shakllari nazarda tutilmoqda.     

Renovatsiya qurilishi yakunlanmay qolsa yoki cho‘zilib ketsa, yangi investor jalb etilib, yakuniga yetkaziladi. Boshlangan loyiha to‘xtab qolmasligi davlat tomonidan kafolatlanadi.     

Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ham qabul qilinib, Senatga yuborildi.   

Muhtarama Komilova, O‘zA