Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Renessans ta’lim universitetining ilk bitiruvchilari katta hayotga qadam qo‘ydi (+video)
18:21 / 2025-07-07

2022 yilda ta’sis etilgan Renessans ta’lim universiteti bu yil ilk bitiruvchi yoshlarini katta hayotga yo‘naltirdi. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida 2024/2025 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Renessans ta’lim universitetida zamonaviy va innovatsion yondashuvlar asosida sifatli ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda universitet 3 ta fakultet, 10 ta kafedra va 30 dan ortiq ta’lim yo‘nalishiga ega bo‘lib, unda 279 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 100dan ortig‘i turli ilmiy darajalarga ega hisoblanadi. Ushbu ta’lim maskanida ilmiy salohiyat 50 foizdan ortiqni tashkil etadi. 

Shuningdek, universitet magistratura bosqichida lingvistika, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi va sport faoliyati kabi zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar mavjud. Renessans ta’lim universiteti xalqaro nufuzga ega bo‘lib, Indoneziyaning “UI Green Metric World University Rankings” reytingida yuqori o‘rinlarni egallagan. 

Tantanali marosimda qayd etilganidek, 2024/2025 o‘quv yilida universitet talabalarining yutuqlari salmoqli bo‘ldi. Xususan, talabalarning 3 nafari matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 5 nafar talaba Davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi. “Besh tashabbus”, “Universiada”, “Talabalar ligasi” kabi sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni egalladi. 

Tadbir davomida o‘tgan o‘quv yili yakunlari sarhisob qilinib, universitet faoliyatining asosiy yutuqlari e’lon qilindi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va talabalar bir qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. “Yilning eng yaxshi faol talabasi”, “Yilning eng yaxshi sportchisi”, “Yilning eng yaxshi guruh murabbiyi”, “Yilning eng yaxshi to‘garak rahbari”, “Yilning eng yaxshi ilmiy ishlar muallifi”, “Yilning eng yaxshi boshqaruv xodimi”, “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi kafedra mudiri”, “Yilning eng yaxshi dekan o‘rinbosari”, “Yilning eng yaxshi fakultet dekani” kabi nominatsiyalar shular jumlasidandir. 

Shuningdek, marosimda Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, professor-o‘qituvchilar va ziyolilar hamda bitiruvchilar va ularning ota-onalari so‘zga chiqib, bugun yurtimiz yoshlariga yaratib berilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlarni e’tirof etdi. Renessans ta’lim universitetida yaratilgan sharoitlar, yuqori sifatli ta’lim va erishilayotgan natijalarni yuqori baholadi. 

Ta’kidlash joizki, ushbu ta’lim dargohida kelgusida ta’lim sifatini yanada oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va innovatsion ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhim vazifa sifatida belgilab olingan. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YngHpd2IbLg" title="Renessans ta’lim universitetining ilk bitiruvchilari katta hayotga qadam qo‘ydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhtarama Komilova, Nishon Abduvoitov (video), O‘zA