Poytaxtimizdagi «Renessans» kino uyida O‘zbekiston Milliy media birlashmasi tomonidan ta’sis etilgan “Renessans” milliy mukofotiga munosib bo‘lgan ijodiy jamoalarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirga mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, turli tashkilot va idoralarning mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar taklif etildi.
Prezidentimiz tomonidan barcha turdagi ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, nodavlat ommaviy axborot vositalari rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarini xolis va haqqoniy, tezkor, chuqur tahliliy va ijodiy yondashuv asosida yoritishda nodavlat media tuzilmalar ham faol hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Milliy media birlashmasi tomonidan ta’sis etilgan “Renessans” milliy mukofoti yil davomida eng yuqori natijalarga erishgan, sohadagi faoliyati bilan jamoatchilik ishonchini qozongan ommaviy axborot vositalari, ijodiy jamoalar, media loyihalarni rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
[gallery-26676]
Aytish kerakki, bu boradagi barcha ezgu sa’y-harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyundagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Milliy mukofotning bosh maqsadi jurnalistika sohasini faol qo‘llab-quvvatlash, birlashmaga a’zo tele va radiokanallarning tezkor, xolis va haqqoniy, sifatli axborot yetkazish hamda betakror ijodiy media kontentlar taqdim etish faoliyatini rag‘batlantirishdan iborat.
– Bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarida yangilanish jarayonlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, - dedi O‘zbekiston Milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja. – Bu jarayonga ommaviy axborot vositalari ham faol hissa qo‘shmoqda. “Renessans” mukofotidan ko‘zlangan maqsad ham bu borada faollik ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Joriy yilning 27 oktyabr kuni start berilgan “Renessans” milliy mukofoti uchun ko‘plab nominatsiyalarda tele va radiokanallar hamda media loyihalar ijodiy raqobatga kirishdi.
O‘zbekiston Milliy media birlashmasiga milliy mukofot uchun yuzdan ortiq nomzodlardan arizalar qabul qilingan bo‘lib, g‘oliblar ikki bosqichli baholash tizimi orqali aniqlandi.
Birinchi bosqichda nomzodlar xalqimiz e’tibori va e’tirofidagi professional ekspertlar kengashi tomonidan saralab olingan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda yuqori ballarni to‘plagan tele va radiokanallar hamda media loyihalar xalq ovoziga qo‘yildi.
Eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar “Renessans” milliy mukofoti taqdirlash marosimida e’lon qilindi.
– Radiokanalimizda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi eshittirishlarni muxlislarga taqdim etib kelmoqdamiz, - dedi “ORIAT Dono” radiosi boshlovchisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Bahodir Ma’diyev. – Ushbu tanlovda “Buyuk allomalar” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Bu bizga yanada ko‘proq izlanib, ijod qilish uchun o‘ziga xos rag‘batdir.
Tantanali tadbirda milliy mukofot doirasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning vakolatxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar xususida ham batafsil so‘z yuritildi. Xorijiy muassasalar bilan samarali faoliyat olib borgan tele va radiokanallar hamda media loyihalar maxsus nominatsiyalar doirasida taqdirlandi.
Umuman olganda, tantanali tadbirda 14 ta asosiy nominatsiya, 10 ta maxsus nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
“Renessans” milliy mukofoti o‘zbek ommaviy axborot vositalari taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan fidoyilarni e’tirof etish orqali mamlakatimizda yuksak ma’naviy va professional mezonlarni mustahkamlashda davom etadi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari