Vatanimiz tarixidagi 26 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1375 yil (bundan 649 yil oldin) – tarixchi Nizomiddin Shomiyning yozishicha, “Quyon yiliga to‘g‘ri kelgan yetti yuz yetmish yettinchi yil sha’bon oyining avvalida (milodiy 1375 yil 26 dekabrda) Amir Sohibqiron mo‘g‘ul tomon borishga azm etib, yo‘lga chiqdi va Qatavon mavzeiga borib tushdi. O‘sha kunlarda qoru yomg‘ir shu qadar ko‘p va sovuq shiddati chunonam zo‘r bo‘ldiki, hatto tomirlardagi qon muzlab qolardi. Shu boisdan ko‘p odam va ot-ulovlar nobud bo‘ldi. Odamlar molu boyligi, otu xachiridan ayrildi. Ahvol shu darajaga yetgach, Amir Sohibqiron Samarqandga qaytdi va ikki oy davomida shu yerda to‘xtab turdi”.
1530 yil (bundan 494 yil oldin) – hijriy 937 yil jumodalavval oyining oltinchi kuni (milodiy 1530 yil 26 dekabrda) Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonning Agra shahrida o‘zi bunyod etgan go‘zal maskan Zarafshon chorbog‘ida vafot etdi. U qirq yetti yillik umrining 36 yilini hukmronlikda o‘tkazdi, undan 26 yili Kobulda, 5 yil esa Hindistonning katta qismida o‘tdi. Ma’lum vaqtgacha uning vafoti sir saklanadi, chunki bu xabar mamlakatda isyon ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Zahiriddin Muhammad Bobur jasadi hozirgi Toj Mahal ro‘parasidagi Orombog‘ga dafn etilgan (u vaqtda Bog‘i Nurafshon deyilgan). Keyinchalik uning vasiyatiga ko‘ra, xoki Qobulga ko‘chirilib, Sherdarvoza nomli tog‘ yonbag‘riga, Bobur o‘zi barpo qilgan boqqa dafn etilgan. “Bog‘i Bobur” deb ataladigan bu maskanda Boburning qabri volidasi Kutlug‘ Nigorxonim va opasi Xonzodabegim qabri bilan yonma-yon qo‘yilgan.
1558 yil (bundan 466 yil oldin) – Buxoroga tashrif buyurgan ingliz savdogari va sayyohi Entoni Jenkinson Buxoro xonligining bo‘lajak hukmdori Abdullaxon II bilan uchrashdi. U bu haqda shunday yozadi: “26 dekabrda menga xon (Abdullaxon II) huzuriga kirish amr qilindi. Men unga rus podshohining maktubini topshirdim. Xon a’yonlari oldida mendan bizning miltig‘imizdan otishga majbur etdi va o‘zi ham ulardan otib, mashq qildi”.
1920 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) Kengashi yig‘ilishida Texnika fakultetining 24 yoshli talabasi Andrey Solkin ko‘pchilik ovoz bilan universitet rektori etib saylandi. Kommunist bo‘lgan Solkin universitetda tahsil olish bilan bir qatorda Turkiston davlat universitetini olti oy davomida rektor sifatida boshqardi.
Uning rektorlikka saylanishi, yoki keyingi faoliyati kommunistik partiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lsada, eng muhimi, u talaba bo‘la turib rektorlikka saylandi. 1920 yilgi statistik ma’lumotlarga qaraganda 2671 nafar talaba tahsil olgan universitetni idora etdi. Shu sababli ham bu tarixda kam uchraydigan noyob hodisalardan biri hisoblanadi.
1920 yil (bundan 104 yil oldin) – qo‘qonlik davlat va jamoat arbobi Yodgor Nasriddinova tavallud topdi. U 1959–1970 yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumining raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. U nafaqat O‘zbekistonda yoki SSSRda, balki butun Sharqda parlament raisi bo‘lgan birinchi ayoldir. Yodgor Nasriddinova 1970–1974 yillarda SSSR Oliy Soveti Millatlar sovetining raisi lavozimida ham faoliyat yuritdi.
1928 yil (bundan 96 yil oldin) – sharqshunos va arxeolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Abdulahad Muhammadjonov tavallud topdi (vafoti 2016 yil). Uning ilmiy ishlari O‘rta Osiyoda sug‘orma dehqonchilik, irrigatsiya, gidrotexnika hamda dehqonchilik vohalarining vujudga kelishi va taraqqiyoti tarixiga bag‘ishlangan. Abdulahad Muhammadjonov Buxoro, Toshkent shaharlari qadimgi tarixi, ayniqsa, ularning yoshini ilmiy asoslashga muayyan hissa qo‘shgan. Vatanimiz tarixiy toponimiyasi bo‘yicha ilmiy asarlar va maqolalar nashr etib, tarixiy manbashunoslik bo‘yicha yangi ilmiy yo‘nalishga asos solgan.
1934 yil (bundan 90 yil oldin) – konchi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Vahob Rahimov tavallud topdi (vafoti 2014 yil).
1991 yil (bundan 33 yil oldin) – Hindiston, Misr Arab Respublikasi, Meksika, Tailand Qirolligi, Tunis, Urugvay, Vengriya, Peru, Argentina, Braziliya O‘zbekiston suverenitetini tan oldi.
1995 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “1996 yilni «Amir Temur yili» deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan, buyuk davlat arbobi Amir Temur tug‘ilgan kunning 660 yilligi munosabati bilan, uning davlatchilikni barpo etishdagi, fan, ta’lim va madaniyat taraqqiyotidagi ulkan hissasini nazarda tutib, YUNESKO Bosh konferensiyasining 1996 yilda Amir Temurning 660 yilligi jahon jamoatchiligi tomonidan keng nishonlanishi to‘g‘risidagi qaroriga e’tiboran xalqaro va respublika miqyosida tadbirlar o‘tkazilayotganini hisobga olib, O‘zbekistonda 1996 yil «Amir Temur yili» deb e’lon qilindi.
1996 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Notariat to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
2008 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 31 moddadan iborat.
2013 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi tasdiqlandi. Ushbu Kodeks O‘zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish va byudjet to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabud qilindi. Unga asosan aprel oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni etib belgilandi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qurol muomalasi sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Mahalla byudjeti» tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«140 ta ilg‘or sanoat korxonasi» dasturini amalga oshirish va «sanoat ipotekasi» tizimini joriy qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi