Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yoshlar siyosatini amalda ta’minlash, yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda rektor B.Jollibekov universitetda faoliyat yuritayotgan to‘garak murabbiylari, iqtidorli talaba-yoshlar va startap tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv davomida yoshlarning ilmiy izlanishlari, innovatsion g‘oyalari, startap loyihalari va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Talaba-yoshlar tomonidan o‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar uchun sharoitlarni kengaytirish, yangi to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va startap loyihalarni amaliyotga tatbiq etish borasida qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Universitet rahbari esa ushbu g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularni ilm-fan, innovatsiya va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida oliy o‘quv yurtida yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, grantlar, startap loyihalarini moliyalashtirish, ilmiy va ijodiy to‘garaklar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va kelgusida bunday ochiq muloqotlar muntazam ravishda o‘tkazib borilishi ta’kidlandi. Bu esa yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va istiqbolli g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur uchrashuv davlatimiz rahbarining mamlakatimiz yoshlari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida berilgan topshiriqlar, xususan, har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va mahalliy hokimliklarda “Yoshlar kuni”ni o‘tkazish tashabbusining ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.