FOTOREPORTAJ
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “Rektor va yoshlar” muloqoti o‘tkazildi. Tadbir talabalar bilan samarali aloqa o‘rnatish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.
Muloqot chog‘ida ta’lim jarayoni, ilmiy faollikni oshirish, turarjoy masalalari hamda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, sport va madaniyat sohasidagi faoliyat, turli to‘garaklar va madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida fikr almashildi.
Universitet rektori Rasul To‘rayev talabalarni mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilmiy va ijodiy loyihalarda faol ishtirok etish, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish hamda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga chaqirdi. Shuningdek, u xorijiy ta’lim tizimi, ilg‘or universitetlar tajribasi, robototexnika, innovatsiya va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida ushbu mavzularga oid didaktik videoroliklar namoyish etildi.
Talabalar o‘z yutuqlari, muammolari va kelajak rejalari haqida erkin fikr bildirdi. Talabalarning taklif va savollari batafsil muhokama qilindi. Rektor talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratib, mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berdi.
[gallery-25796]
Uchrashuv doirasida o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatayotgan bir guruh talabalar universitet rahbariyati tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joiz, hozirda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida 5 ta fakultet hamda 20 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 55 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 10 ming 223 nafar talaba tahsil olmoqda. Magistratura bosqichi esa 21 ta mutaxassislikni qamrab olgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA