Prezident tashabbusi – amalda
Termiz davlat universitetiga biriktirilgan texnikum jamoalari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 16 oktyabrdagi “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida kasbiy ta’lim sohasida institutsional yaxlitlikni ta’minlab, boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish hamda ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlar tayyorlash yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan. Oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan texnikumlarga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatish, ta’lim sifatini oshirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash vazifalari topshirilgan.
Farmon ijrosi doirasida Termiz davlat universitetiga ham Surxondaryo viloyatining turli hududlaridagi 12 ta texnikum biriktirildi. Oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlaydigan bu o‘quv dargohlariga moddiy, uslubiy, ma’naviy yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi.

Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, texnikumlarda sportning ommaviyligini ta’minlash uchun universitet rektori Abduqodir Toshqulov yangi tashabbusni ilgari surdi. Biriktirilgan texnikumlarning o‘qituvchilari va xodimlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasini tashkil etib, birinchi o‘rin uchun o‘n million so‘m, ikkinchi o‘ringa sakkiz va uchinchi o‘rin uchun olti million so‘mdan rag‘batlantiruvchi mukofot ham ajratdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13 fevral kuni o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sportni ommalashtirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi, – deydi Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Obid Shofiyev. – Bu topshiriqlarni so‘zsiz bajarish uchun ta’lim muassasamizga biriktirilgan texnikumlarda sportning ommaviyligini ta’minlash, pedagoglar va boshqa xodimlarning jismoniy faolligini oshirish uchun turli musobaqalar tashkil etishni ham rejalashtirib oldik. Yil davomida o‘tkaziladigan bu tadbirlar o‘qituvchi va xodimlarni sportga yanada keng jalb etishga va o‘zaro do‘stona aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Viloyatdagi eng yirik oliy ta’lim muassasasining barcha zamonaviy sharoitlarga ega sport majmuasida biriktirilgan texnikumlarning o‘qituvchi va xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan ilk musobaqa qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Unda texnikumlarning voleybolchi jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Murosasiz bellashuvlarda Angor ikkinchi sonli politexnikumi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sherobod agrosanoat texnikumi ikkinchi va Sherobod birinchi sonli politexnikumi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Oliy ta’lim muassasasi mehmonlari mezbonlar bilan bir piyola choy bahona suhbatlashib, ta’lim sifatini yanada oshirish yuzasidan fikr almashdi. Termiz shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, muqaddas tarixiy obidalarni ziyorat qildi.
Yangi tashabbus universitet va unga biriktirilgan texnikumlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ularning jamoalarida sog‘lom raqobatni kuchaytirishga, jamoaviy ahillik tuyg‘usini yuksaltirib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri