Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rektor talabalar bilan uchrashdi
13:18 / 2024-10-19

Andijon davlat chet tillari institutida “Rektor va yoshlar uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Institut rektori, professor Dilshodbek Rustamov talabalar bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.

Muloqotda rektor Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, o‘qitishni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, malakali mutaxassislar tayyorlash, talaba yoshlarning o‘qishi, yashashi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligi hamda ta’lim tizimidagi islohotlar samaralari haqida gapirdi.  

Shuningdek, institutning faoliyati, mavjud imkoniyatlar, yutuq va muammolarga to‘xtaldi.  

[gallery-19841]

– Institutimizning salohiyat va imkoniyatlari yildan-yilga ortib bormoqda, – deydi Dilshodbek Rustamov. – Ayni kunda institutdagi mavjud uchta fakultetda 20 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 ming 200 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularning o‘qishi, yashashi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, 1 ming 120 o‘rinli ikkita talabalar yotoqxonasi, zamonaviy axborot-resurs markazi, sport zali, barcha qulayliklarga ega auditoriyalar talabalar ixtiyorida.  

Bundan tashqari, institutimizda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘quv ishlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, Rossiya, Koreya, Angliya, AQSH singari qator rivojlangan davlatlardagi oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.  

Muloqot davomida talabalar institut rektoriga o‘quv jarayonlarini yaxshilash va boshqa turli masalalar bo‘yicha o‘zlarining taklif va tashabbuslarini bildirdi. Bildirilgan takliflarning bir qismi shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Ayrim taklif va tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.  

Uchrashuvda talaba Muhammadqodir Abduholiqov institut radiosini tashkil etish bo‘yicha taklif bildirdi. Rektor tomonidan ushbu taklif qo‘llab-quvvatlandi.  

Talaba Sultonmurod Mamasoliyevning mustaqil ta’lim shaklida ilg‘or xorijiy ta’lim metodlarini o‘rganish imkoniyatini yaratish bo‘yicha taklifi ham ma’qullandi. Bu borada institutda yaqin kunlarda zarur ishlar amalga oshirilishi aytildi.  

– Talabalar yotoqxonasida “Pazandalik” to‘garagi tashkil etilsa, yaxshi bo‘lar edi, – deydi talaba Gulbahor Abduraimova. – Biz talaba qizlar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimizda turli pishiriqlar tayyorlashni puxta o‘rganib olar edik. Bu kelgusi hayotimizda ham asqatar edi.  

Ushbu taklif, shuningdek, talabalar tomonidan Talabalar yotoqxonasida “Tikuvchilik” to‘garagini ochish, Stol tennisi o‘rnatish bo‘yicha takliflari inobatga olinib, shu kunning o‘zidayoq talabalar yotoqxonasiga pishiriq tayyorlash uchun “duxovka”lar, tikuv mashinalari, stol tennisi stoli olib kelinib talabalarga topshirildi.  

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda rektor talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.  

Yakunda rektor talabalarni yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib,  puxta bilim olishga, faol va tashabbuskor bo‘lishga, kelgusida yurtimiz ravnaqiga munosib xizmat qiladigan malakali mutaxassis bo‘lib yetishishga chaqirdi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.