Qo‘qon pedagogika instituti talabalari xalqaro darajada katta yutuqlarga erishmoqda
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga har tomonlama sharoit yaratilmoqda. Inklyuziv ta’limni butun mamlakat bo‘ylab rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bunga amaliy misol bo‘ladi.

Joriy o‘quv yilida Qo‘qon davlat pedagogika institutida 149 nafar imkoniyati cheklangan talabalar tahsil olib kelmoqda. Ulardan 96 nafari bepul yotoqxona bilan ta’minlangan. Imkoniyati cheklangan talaba-yoshlarimiz boshqa tengdoshlaridan o‘qish, sport, jamoatchilik ishlarida aslo kam emaslar. Ular orasida Mohigul Hamdamova Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Kamron Erkinboyev, Islomjon Xabibullayevlar para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionatida ikkita oltin, bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, Zuhriddin Valiyev yaqinda Singapurda o‘tkaziladigan xalqaro mnemonika musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori Dilnoza Xodjayeva, soha prorektorlari ishtirokida institutda turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan talaba-yoshlar bilan doimo ochiq muloqot o‘tkazib keladi. Rasmiyatchilikdan xoli, samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvlarda imkoniyati cheklangan talabalarning turli sohalar bo‘yicha savol, taklif va tashabbuslari tinglanadi.

Bunday ochiq muloqotlarda talabalar tomonidan o‘quv adabiyotlari, o‘qishni ko‘chirish, turli grantlarda ishtirok etish, chet tilini bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritish kabi aniq takliflar, yechimini kutayotgan muammolar o‘rtaga tashlanadi. Har bir masala yuzasidan oliygoh rahbariyati aniq va atroflicha javoblar qaytaradilar, yechimini kutayotgan masalalar hal etiladi.
Yaqinda o‘tgan ana shunday muloqot davrida Para yengil atletika bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempioni Islomjon Xabibullayevni institutda imkoniyati cheklangan talabalar kengashini tuzish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zA