Irqchilik, antisemitizm, seksizm: internetdagi nafrat va toksiklik darajasi yil boshidan beri rekord ko‘rsatkichlarga yetdi, deya xabar bermoqda euronews.com.
Irqchilik va toqatsizlikka qarshi kurash bo‘yicha Yevropa komissiyasi Shvetsiya, Portugaliya, Xorvatiya va Latviyani internetdagi adovat va nafrat tiliga qarshi yanada qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.
Yevropa monitoring markazi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon Internetda toksiklikning o‘rtacha darajasi qayd etilgan. Aprel oyida umumiy toksiklik darajasi 0,22 ballni tashkil etdi. Joriy yilning may oyida raqamli antisemitizm toksiklikning eng yuqori o‘rtacha 0,34 ballini saqlab qoldi.
Onlayn platformalardagi lo‘lilarga qarshi kontentlar ham xavotir uyg‘otmoqda – 0,30 ball. Bu ko‘rsatkich ushbu jamoaning Internet foydalanuvchilari tomonidan hujum ob’ekti bo‘lib qolayotganligidan dalolat beradi. Anti-LGBTK hamda musulmonlarga qarshi fikrlar sezilarli darajada yuqori nafrat darajasiga ega: mos ravishda 0,29 va 0,28 ball. Qochoqlarga nisbatan nafrat darajasi –0,23 ball.
Jinsiy mazmundani kontent eng past o‘rtacha nafrat darajasiga ega – 0,19, biroq ushbu kontentlardagi haqoratlar hali ham eng ko‘p nafrat tilili postlarni tashkil qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida yoki ataylab birovning obro‘si, sha’niga putur yetkazish maqsadida qo‘pol muomalada bo‘layotgani, haqorat qilayotganini ko‘p kuzatamiz. To‘g‘ri, internet chegarasiz. Ammo bu internetda hamma xohlagan ishini qilishi mumkin, haqorat qilganlar jazolanmay qoladi, degani emas. Zero, qonunchilikda ijtimoiy tarmoqlar orqali muayyan shaxsga nisbatan qonunga zid keluvchi xatti-harakatlar amalga oshirilganida javobgarliklar belgilangan.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan rahbar yoki davlat xizmatchisi tomonidan kimnidir haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish — eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/n_vGiorW83c?si=0GZrpWKZyeKauxl6" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev,O‘zA