English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rekord darajada shov-shuv bo‘lgan jinoyat ishi – DXXning iste’fodagi polkovnigi bilan suhbat
11:27 / 2022-01-20

Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘ldi.

Bu yil «Vatan himoyachilari kuni»ni nishonlashni boshlanganimizga 30 yil to‘ldi. 

O‘tgan davrda Qurolli kuchlar tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida yurtimiz xavfsizligi va sarhadlarimiz daxlsizligi ishonchli himoya qilinmoqda, tinch-osuda hayot ta’minlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Faxriylar kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, iste’fodagi polkovnik Erkin Abdullayev bilan suhbatimiz davomida bu bayram va boshqa mavzulardagi savollarimizga javob oldik.

– Erkin aka «Vatan himoyachilari kuni» siz uchun nimani anglatadi?

– Bu kunni men mamlakatimiz o‘g‘lonlarining bayrami, deb bilaman. «O‘tmishga qaytib ish ko‘rish xayrlidir», degan naql bor. Biz buyuk Sohibqiron Amur Temurning avlodlarimiz. Buyuk sarkarda bobomizning mardlik va jasurliklari, madaniyat, ilm-fan, bunyodkorlik, davlatchilik, yurt obodligi va ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarining cheki-chegarasi yo‘q.

Alpomish, Bobur Mirzo, Jaloliddin Manguberdi kabi bobokalonlarimiz nomi, shuhrati, ko‘rsatgan mardlik va jasorat namunalari an’anaviy shaklda avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda, qahramonlarimizning Vatan oldidagi xizmatlari yigitlarimizning qalbida abadiy yashaydi.

Qurolli kuchlarimiz vakillari dunyo tarixida mislsiz nom qoldirgan donishmandlarimizning izdoshlari hisoblanadi va biz ular bilan faxrlanamiz.

DXX O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida munosib o‘rin egallaydi. Oliy Bosh qo‘mondon, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining murojaatlari, buyruqlarini so‘zsiz bajaradi, mamlakatimizdagi islohotlarni qo‘llaydi.

Men hozir xizmat qilayotgan Faxriylar kengashi zimmasiga ham ancha ishlar belgilab berilgan. Minglab faxriylarimiz bor, ularning har biri o‘z zamonasida yurtimiz xavfsizligini ta’minlash ishida o‘zining munosib hissa qo‘shgan, barchalari ardoqqa, hurmatga sazovor. DXX rahbariyati keksalarimizning holidan muntazam xabar olib turadi, moddiy-ma’naviy yordam beradi.

Biz faxriylar ham yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faollik ko‘rsatib kelmoqdamiz. Kadrlarni tayyorlash muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazamiz. Matbuot sahifalarida xotiralarimiz bilan o‘rtoqlashmoqdamiz. 

– Uzoq yillar DXXning tergov boshqarmasini boshqargansiz. Fursatdan foydalanib, o‘quvchilarimizga o‘zingiz guvohi bo‘lgan tarixiy voqealardan ham gapirib bera olasizmi?

– Avvalambor, DXX tergov ishining boshqa kuch ishlatar tizimlardan farqli jihatlari haqida gapirib berishim kerak. Jinoyatlarni tergov qilish, ularni sudga chiqarishda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi asosida xizmat bajarishi lozim bo‘lgan bandlar bor.

Masalan, «Urushni targ‘ib qilish», «Agressiya», «Genotsid», «Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy, adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish», «Terrorizm», «Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish va harakatlanish», «Terrorizmni moliyalashtirish», «Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish», «Davlatga xoinlik qilish», «O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish», «Josuslik», «Qo‘poruvchilik», «Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yo‘qotish», «Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish», «Chet el valyutasini yashirish», «Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish» va boshqa bandlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, davlat va hukumat rahbarlari tomonidan bo‘ladigan topshiriqlar asosida ommaviy tartibsizliklar, iqtisodiy qo‘poruvchilik singari jinoyatlarni ochishda ham qatnashamiz. 

Tergov ishidan misol keltiradigan bo‘lsam, 1992 yilda ancha shov-shuvga sazovor bo‘lgan jinoyat ishi tafsilotini aytib bera qolay.

O‘sha yilning 8 oktyabr kuni Termiz shahrida 30 tonnaga yaqin miqdorda Afg‘oniston Islom Respublikasidan tranzit kirib kelgan. Quritilgan mayiz joylashtirilgan qutilar bojxona tekshiruvidan o‘tkaziladi. Hujjatlarda ko‘rsatilishicha, bu mahsulot sobiq Ittifoq davlatlari, Belgiya, AQSHdan o‘tib, Kanadaga yetib borishi kerak bo‘lgan.

Konteynerlarni tekshirish chog‘ida haqiqiy mayiz qutilari orasida g‘isht shaklida taxlangan narkotik modda – gashish topiladi. Jami 1305 qutida bir kilogrammli 13 tonna 50 kilogramm gashish moddasi qo‘lga tushiriladi.

Termiz bojxonasi 12 oktyabr kuni Jinoyat Kodeksining 69-moddasi («Kontrabanda») asosida jinoyat ish ochadi va tergov ishlarini davom ettirish uchun DXXga yuboradi. Ishni men qabul qilib olganman.

– 13 tonnadan ziyod narkotik moddani shuncha davlatlar orqali olib o‘tish uchun qanday yurak kerak?!

– Jinoyatchilar ham anoyilardan emas edi. O‘zbekiston kabi MDHga a’zo boshqa davlatlar ham Mustaqillikka erishganiga endigina bir yilgina bo‘lgan. Ularning nazarida chegaralarni qo‘riqlashga uncha ahamiyat berilmagan, kontrabanda mahsulotlarini ushlab qolishga tajribasi yo‘q, deb o‘ylashgan. Yevropa va AQSH haqida esa salmoqli bir gap aytishim qiyin.

Xullas, joyiga chiqib, tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov eksperimenti hamda voqea guvohlari bilan suhbatlar o‘tkazildi. 

Kimyoviy ekspertiza qo‘lga tushirilgan narkotik moddaning gashish ekanini tasdiqlab berdi. 

Mahsulotning ekspeditsiya hujjatlarida yozilishicha, yuk «M.Yunus» tomonidan «M.Yusuf»ga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan, «mayiz»larning narxi 22400 AQSH dollari etib ko‘rsatilgan. «Ashpan-forvarding end paking ko LTD» transport-ekspeditorlik kompaniyasi yukni manzilga yetkazib berishni zimmasiga olgan.

DXX AQSH Adliya vazirligi huzuridagi narkobiznesga qarshi kurashish xalqaro tashkiloti bilan aloqa o‘rnatadi. Amerika tomoni «noyob mahsulot»ga qiziqish bildiradi va ushbu jinoiy ishga aloqador shaxslarni axtarib topish hamda ularni jinoiy javobgarlikka tortishga va’da beradi. «Mayiz»ning taqdiri esa bojxona qoidalariga yarasha hal etiladi.

– Oxirgi so‘zingizni biroz izohlab berishingizni iltimos qilmoqchi edim.

– 1993 yilning yoziga kelib, bu jinoiy ish bo‘yicha dastlabki tergov ishlari to‘xtatiladi. 1994 yilda xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalar vakillari ishtirokida 13 tonna 50 kilogramm gashish yoqib yuboriladi. 

– Jinoyatchilarning taqdiri nima bilan tugaydi?

– 1998 yilda AQSH «M.Yusuf»va «M.Yunus»larni qo‘lga oladi. San-Fransisko shahrida bo‘ladigan sud jarayonida mening ishtirok etishim rejalashtirilgan edi. Ayrim mulohazalarga ko‘ra, men Amerikaga borolmaganman.

– Sizning AQSHga bormasligingizga nima sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

– Bugun birinchi marta shaxsiy mulohazamni aytishimga to‘g‘ri keladi shekilli. Amerika tomoni bizdan qo‘lga tushirilgan 13050 kilogramm «mayiz»ni berishni so‘raydi. Tabiiyki, biz rad javobini berganmiz. Chunki u biz uchun jismoniy dalil edi...

– Nafaqada bo‘lsangiz ham tergov olamida bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lasiz. O‘tgan 30 yil davomida bojxonachilarimiz tomonidan bunaqa yirik miqdorda narkotik moddasi qo‘lga tushirildimi? 

– Bojxona xizmati bo‘ladimi, DXX tomonidanmi qo‘lga tushirilgan narkotik moddalar to‘g‘risida operativ ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida keng tarqatiladi. Kuzatishlarimdan ma’lum bo‘lishicha, hali bunday yirik miqdorda taqiqlangan moddalar qo‘lga kiritilmagan. Darvoqe, amerikaliklar 1992 yilgi Termiz voqeasini «Ginness rekordlari kitobi»ga kiritish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishga va’da bergan edi. Afsuski, bu quruq gap bo‘lib qolib ketgan.

Narkotik moddalar bilan bog‘liq yana bir misol yodimga tushdi. Xabaringiz bordir, ilgari Moskva-Dushanbe poyezdi Termiz shahri orqali o‘tar edi. O‘sha zamonlarda bu poyezdning vagon-restoranida bufetda sotuvchi bo‘lib ishlagan U.Teshimov poyezd Termiz shahriga kelib to‘xtagan paytda «Sigareta chekib kelaman», deb hamkasblarini aldab, vagondan tushadi. Tusha solib, avvaldan rejalab qo‘ygan marshruti bilan Amudaryo sohiliga qochadi. Daryodan kechib o‘tayotganida signalizatsiya ishlab qoladi. Chegarachilarimizning harakati bilan jinoyatchi qo‘lga olinadi. Tergov paytida Moskvada yashovchi bu yigit Afg‘onistonga o‘tib ketmoqchi bo‘lganini yashirib o‘tirmaydi.

– Erkin aka, kuni kecha muborak 80 yoshga kirdingiz. Muborakbod etaman!

– Tabrik uchun tashakkur, minnatdorman. O‘quvchilarimizda bizni faqat jinoyatchilarni quvlab yurgan ekan, degan tasavvur qolmasin. Tergov boshqarmasida asosan huquqshunoslar xizmat qilishadi. Mamlakatimizning qonun ijodkorligi ishiga ham jalb qilib turishadi. Ko‘plab qonun loyihalari ishlab chiqishda qatnashganmiz. Xususan o‘zim Mustaqilligimizning dastlabki yillari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasini yaratishda qatnashganman. Bu qonunchilik aktlarida xizmatimizga doir takliflarim inobatga olingan va ular kodekslarda o‘z aksini topgan. Men bundan faxrlanaman.

– Mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildiraman, salomat bo‘ling. 



Abror G‘ULOMOV,

xalqaro sharhlovchi