O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chatda ekspert sifatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul xodimlari Sherzod Shodmonqulov, Sardorbek Otamurotov, Botir Sharipovlar ishtirok etdi. Unda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va uning mazmun-mohiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
— Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi kim tomonidan nazorat qilinadi?
— O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasiga Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga rahbar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tomonidan saylanishi haqidagi norma kiritildi. Bu raqobat va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash sohasiga qaratilgan jiddiy e’tibor hisoblanadi.
Bu tashkilotning mustaqilligini, ya’ni maqomini oshirgan holda kelajakda shu sohadagi ishlarning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan tegishli farmonda ham monopoliyaga qarshi organ bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis Senatiga hisobdorligi belgilangan. Bu qo‘mitaning mustaqilligini oshirishga qaratilgan qadam hisoblanadi, — deydi Sherzod Shodmonqulov.
– Telekanallarda dorilar reklamasi, “Bolajon”, “Aqlvoy” kanalida esa yoshga doir bo‘lmagan reklamalar qo‘yilyapti. Yoki elektr hamda gaz bilan bog‘liq muammolar iste’molchilar e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Ana shunday muammolarga qachon chek qo‘yiladi?
– Qo‘mita doimiy ravishda reklama faoliyatini kuzatib, reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka zid bo‘lgan holatlar bo‘yicha ko‘rsatmalarini berib boradi. Yil boshidan buyon reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hamda gaz, elektr bilan bog‘liq 11 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Iste’molchilardan ortiqcha olingan xarajatlar yoki zarar yetkazilgan holatlar aniqlanib, 22 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari qaytarilishiga erishildi.
Bundan tashqari Toshkent shahridagi issiqlik elektr energiyasi bo‘yicha ham ishlar olib borilib, iste’molchilarga 124 milliarddan ortiq mablag‘ qaytarib berilgan, – deydi Sardorbek Otamurotov.
– “Reklama to‘g‘risida”gi qonun chiqqanidan so‘ng qanday ishlar amalga oshirildi?
– Ijtimoiy tarmoqlarda, OAVda, shuningdek, tashqi reklama konstruksiyalarida, jamoat transportida ham qonunchilik talablariga mos ravishda reklama joylashtirishga ruxsat etilgan, – deydi Botir Sharipov. – Afsuski, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarimiz tomonidan reklama joylashtirish kontentlarini, yoshga doir qoidalarni buzish aniqlab kelinmoqda. Hozirgi kungacha 21 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Bundan tashqari metro va tashqi ob’ektlardagi reklamalar davlat tilida bo‘lmaganligi holati bo‘yicha avgust oyida Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘iga asosan komissiya tuzilgan. Unga barcha tuman hokimlarining til bo‘yicha maslahatchilari biriktirilgan. Ularga tumandagi do‘konlarning peshlavhalari davlat tilida bo‘lmagan holatlarni aniqlash va uni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.
Aniqlangan kamchiliklar ixtiyoriy bartaraf etilmasa, bizga taqdimnoma kiritadi. Biz uni hal etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rib chiqamiz. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, o‘tgan bir hafta ichida mingga yaqin til qonun qoidalarining buzilishi aniqlandi.
Bu kabi kamchiliklarni aniqlashda jamoatchilik ko‘magiga ham muhtojmiz. Hamyurtlarimizdan til bilan bog‘liq qonun-qoidalar buzilishiga doir reklamalarga duch kelishsa, bu haqda 1159 qisqa raqamlariga xabar berishlarini so‘raymiz.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/kYr3Qum78J4" title="“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga zid holatlar qanday bartaraf etilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>.
N.Rahmonova,
A.Sodiqov(video), O‘zA