Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reklama talablarini buzganlar jazodan chetda qolmaydi
11:39 / 2025-06-25

Reklama bozor iqtisodiyotida ishonch, raqobat va fuqarolarni xabardor qilishning asosiy vositasidir. Uning mazmuni va shakli belgilangan qonun-qoidalarga muvofiq bo‘lishi shart.

O‘zbekistonda bu borada kuzatilayotgan ayrim muammolar, xususan, noto‘g‘ri ma’lumot berish, iste’molchilarni chalg‘itish va axloq normalariga zid  shakllardan foydalanish holatlari aholining huquqiy muhofazasini talab qiladi.

10 ta tadbirkorlik sub’ekti va 16 nafar mas’ul shaxsga nisbatan ko‘rilgan choralar tizimli nazoratning mavjudligini va qonun ustuvorligiga bo‘lgan talabning ortganini ko‘rsatadi. Ahamiyatli jihati shundaki, qonunbuzarlarga nisbatan ko‘rilgan choralar boshqa tadbirkorlar uchun ham saboq bo‘ladi.  

 

Shu bois Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklama materiallarining O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni talablariga mosligi yuzasidan tizimli ravishda o‘rganish va tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda. 

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan jami 990 ga yaqin monitoring ishlari davomida o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan tashqi reklama vositalari yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga tushuntirish olib borildi. Shundan 390 ta qonun buzilish holati joyida bartaraf etildi, 120 tasiga tegishli qonun talablariga mosligi yuzasidan xulosalar berildi.  

Misol uchun, Farg‘ona shahrida joylashgan “Vodiy darxon trans” MCHJ hamda “Zikr Media” MCHJlar tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasi, “Mo’jiza Honeymoon” MCHJ tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasi, “Vodiy Siddiq Travel” MCHJ tomonidan esa mazkur qonunning 17-moddasi talablari buzilish holatlari aniqlandi.  Ushbu jamiyatlarga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llanildi. Mavjud qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 16 nafar mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan MJtKning tegishli moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.

Shuningdek, Toshkent, Surxondaryo, Navoiy viloyati hududiy boshqarmalari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida ham bir qancha kamchiliklar aniqlanib, reklama qonunchiligi talablarini buzgan  tadbirkorlarga choralar ko‘rildi. Ayrim mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga nisbatan esa moliyaviy sanksiya qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.  

Noto‘g‘ri yoki odamlarni chalg‘ituvchi reklama nafaqat ishonchni yo‘qotadi, balki javobgarlikka ham olib keladi. Shu bois faqat halol va qonuniy reklama bilangina olg‘a siljish mumkin.

N.Rahmonova, O‘zA