Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reklama har doim haqiqat emas
12:10 / 2025-11-10

Bugun do‘kon yoki internet orqali mahsulot sotib olish oddiy ishdek tuyuladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez berilayotgan “bir oyda sog‘lom bo‘ling”, degan turli reklama roliklarni ko‘ramiz. Ammo bu kabi mahsulotlarning barchasi ham bemorlarga yordam bermaydi. Aksincha, ba’zan sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin.

Shu sababli Raqobat qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hamda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilib keladi. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha muntazam nazorat xaridlarini amalga oshirmoqda.

Misol uchun, 2024 yilda 560 ta xariddan 95 tasi sifatsizligi aniqlangan. 2025 yilda 618 ta xariddan 123 tasi talabga javob bermagan.

Shuningdek, hozirga qadar Qo‘mitaga oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha 2 345 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Shulardan 337 tasi (14 foizi) biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalariga taalluqlidir.

Murojaatlarning aksariyati fuqarolarning telekanallar, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ishonib, biologik faol qo‘shimchalarni xarid qilgani, biroq ularning kutilgan natijani bermagani yoki sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatgani bilan bog‘liqdir.

Ma’lumot uchun aytish joizki, biologik faol qo‘shimchalar (BAQ) dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Ular faqat organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki ayrim kasalliklarning oldini olish (profilaktika) maqsadida qo‘llanilishi mumkin. Shuning uchun, har qanday qo‘shimchani iste’mol qilishdan avval shifokor bilan maslahatlashish shart.

Shu bois qo‘mita iste’molchilar e’tiboriga biologik faol qo‘shimchalarni “dori” sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikni eslatadi.  

Ta’kidlanishicha, “Barcha kasalliklarni bir oyda davolaydi” kabi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va’dalar aldov reklamalardir. Faqatgina Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Nigora Rahmonova, O‘zA