Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri binosida “Debyut-2022” VII Respublika yosh ijodkorlar ko‘rik-festivali doirasida “Zamonaviy o‘zbek rejissurasida an’ana va innovatsiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada Dilfuza Rahmatullayeva, Muhabbat To‘laxo‘jayeva, Olimjon Salimov, Ma’mur Umarov va Shomurod Yusupovlar tomonidan o‘zbek teatri rejissurasi rivojiga bag‘ishlangan ma’ruzalarga keng o‘rin berildi.
Atoqli rejissyor Olimjon Salimov fikricha, bugun yurtimiz teartlarining rejissyorlari zimmasida g‘oyat murakkab va mas’uliyatli vazifalar bor.

– Biz ertadan kechgacha teleserial ko‘rayotgan tomoshabinni teatrga olib kelishimiz kerak, – dedi rejissyor O.Salimov. – Rejissyorning himoyachisi bo‘lmaydi. Uning yagona himoyachisi sahnada qo‘ygan spektaklidir. Shu sababli yosh rejissyorlar o‘z-o‘zini himoya qilishga, mahkam turishga tayyor bo‘lishi kerak.
Shuningdek, festival doirasida teatrlarga biriktirilgan adabiy emakdoshlar tomonidan rejissura haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Konferensiya qizg‘in bahslarga boy o‘tdi.
N.Usmonova, O‘zA