Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Rejissyor Olimjon Salimov ijodiga oid kitob chop etildi
11:59 / 2022-03-11

Madaniyat vazirligi, Fanlar Akademiyasi, San’atshunoclik instituti bilan hamkorlikda atoqli rejissyor, ustoz san’atkor Olimjon Salimov ijodiga bag‘ishlangan “Rejissyor Olimjon Salimov” nomli kitob nashrdan chiqdi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida mazkur kitob taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.  

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov mamlakatimizda teatr san’atini rivojlantirish, teatr bilan kelgusidagi faoliyatini bog‘lagan yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirishda Olimjon Salimov kabi zabardast ustoz rejissyorlarning  o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. 



Kitobga O‘zbekiston xalq artisti, ustoz rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev so‘zboshi yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, taniqli rejissyor dastlabki ish faoliyatini 1969-1983 yillarda Qo‘qon shahar musiqali drama teatrida aktyor, so‘ng rejissyor sifatida olib borgan.  

Keyinchalik Farg‘ona viloyat teatrida bosh rejissyor bo‘lib ishlagan Olimjon Salimovning atoqli dramaturg Sharof Boshbekov asari asosida yaratgan “Temir xotin” spektakli hanuzgacha eng mukammal sahna asari sanaladi. 

Ustoz rejissyor 1993-2011 yillarda Respublika yosh tomoshabinlar teatrida badiiy rahbar bo‘lib ishlagan. So‘ngra faoliyatini 2011-2016 yillar davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida katta o‘qituvchi sifatida olib borgan. Institutda bir qancha munosib, yetuk rejissyorlarni yetishib chiqishida fidokorona xizmat qilgan ustoz san’atkordir. 

2016-2017 yillarda O‘zbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtiruvchi rejissyor bo‘lib hamda 2017 yildan to bugungi kunga qadar O‘zbekiston davlat drama teatrida bosh rejissyor vazifasida ishlab kelmoqda. 

O.Salimov sahnalashtirgan asarlari xalqchilligi, milliyligi bilan ko‘zga yaqqol tashlanib turadi.  Uning “Temir xotin”, “Toshkentga sayohat”, “Ot yig‘lagan tomonda”, “Uchar tabib”, “Boz masxaraboz”, “Ufq”, “Sohibqiron”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Jinlar bazmi” spektakllari o‘zbek milliy teatr san’atining eng yorqin namunalari sifatida e’tirof etib kelinmoqda. 

Teatrshunoslarga ko‘ra, Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan ko‘plab spektakllar AQSH, Polsha, Belgiya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Misr, Rossiya, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda o‘tkazilgan xalqaro teatr festivallarida muvaffaqiyat qozongan. 

Ustoz rejissyor O‘zbekiston yosh tomoshabinlar teatrida badiiy rahbar sifatida faoliyat yuritib, bu teatr sahnasida T.Murodning “Ot kishnagan oqshom”, “Boz masxaraboz”, yapon adibi D.Kinositaning “Turna patlari”, Molerning “Alixo‘ja Xo‘jaali”, Avloniyning “Advokatlik osonmi?”, Shuhrat Rizayevning “Diskoteka”, Tohir Malikning “Zaharli tomchilar” kabi o‘nlab zamonaviy rejissyorlik talqinidagi asarlarni sahnalashtirdi.   

O.Salimovning O‘zbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirgan S.Ahmadning “Ufq”, A.Oripovning “Sohibqiron”, amerikalik dramaturg V.Delmarning “Omon bo‘lgin, azizim” hamda M.Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” kabi eng sara spektakllar ushbu teatrning repertuaridan o‘rin egalladi.  

O.Salimov 2017 yilda O‘zbekiston davlat drama teatriga bosh rejissyor etib tayinlanadi. Bu teatr sahnasida K.Goldoniyning “Ikki boyga bir malay” pesasi asosida “Truffaldino-ikki boyning malayi” spektaklini sahnalashtiradi va bu spektakl 2017 yilning “Eng yaxshi spektakli” deb tan olinib, Turkiya mamlakatida va Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro teatr festivallarida namoyish etildi. 

Shu teatr sahnasida yana Sh.Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi”, hamda X.Do‘stmuhammadning “Yolg‘iz” qissasi asosida ulug‘ adib Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi haqidagi “Jinlar bazmi” spektakllarini sahnalashtirdi. 

Ustozning Germaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston teatrlarida sahnalashtirgan spektakllari o‘zbek teatr san’atining chet ellarda targ‘ib qilish, millatlararo do‘stlikni mustahkamlashda alohida o‘rin egallaydi. 

“Rejissyor Olimjon Salimov” kitobida zabardast rejissyor faoliyati haqida taniqli yozuvchilar, dramaturglar, madaniyat va san’at namoyandalarining fikrlari batafsil keltirilgani bilan ahamiyatlidir. Yangi kitob taqdimotida ustoz rejissyor faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.   

N.Usmonova, O‘zA