Farg‘ona vodiysini elektr energiya manbalari bilan ta’minlovchi yirik ishlab chiqarish majmuasi sanalgan, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida keyingi paytlarda salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan uch oyi mobaynida stansiya tomonidan 1,3 milliard kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste’molchilarga uzatildi. Shu davrda 1 kVt. soat quvvat uchun shartli yoqilg‘i solishtirma sarfi 227,6 gr/kVt. soatni tashkil qildi.

Samaradorlikni oshirish va ishlab chiqarish tannarxini qisqartirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni bajarilishi hisobiga 10 milliard so‘m iqtisod qilindi. Shu davrda yoqilg‘i-energiya resurslarini tejashning tashkiliy-texnik amaliy chora-tadbirlari evaziga 2,6 million kVt. soat energiya tejalishiga erishildi.
– Korxonamizda 4,9 gektar bo‘sh yer maydonida barpo qilingan quvvati 4,5 MVt bo‘lgan quyosh foto elektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishlamoqda, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” ishlab chiqarish-texnika bo‘limi boshlig‘i Mubosher Hamroyev. – Shu yilning yanvar-mart oylarida mazkur stansiya orqali 1 million kVt. soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarildi va korxonaning o‘z ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Stansiya ishchi-xodimlari ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan oqilona foydalanishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunga qadar 74 nafar xodim tomonidan yashash joylarida jami quvvati 310 kVt.ga teng bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, ayni kunlarda “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida sutkasiga o‘rtacha 20 million kVt. soat elektr energiya ishlab chiqarilib, respublikamizning yagona tizimiga uzatilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA