French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reja va loyihalar taqdimoti
09:58 / 2022-10-08

Farg‘onada 2022 yil uchun mo‘ljallangan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida viloyatdagi 7 ta aholi punktlari uchun ishlab chiqilgan bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyat qurilish bosh boshqarmasi mas’ullari, shahar va tuman hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari, loyihachilar va arxitektorlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning 2020 yil 28 dekabrdagi “2021 - 2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari doirasida ishlab chiqilgan loyihalar taqdim etildi. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga har bir loyiha bo‘yicha ma’lumotlar berildi. bugungi kunda Quvasoy shahrining Do‘stlik shaharchasi, Farg‘ona tumanining Chimyon shaharchasi va O‘zbekiston tumanidagi Sho‘rsuv shaharchasi uchun “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi tomonidan, Qo‘shtepa tumanidagi “Do‘rmon” MFY, Rishton tumanidagi “Uzun ko‘cha (Zohidon)”, O‘zbekiston tumanidagi “Nursux”, Farg‘ona tumanidagi “Chimyon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududlari uchun “Qishloqqurilishloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati  tomonidan bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqilgan. Ular jamoat yig‘ilishlari muhokamalariga qo‘yilib, ma’qullangan.

Taqdimotda mazkur shaharcha va mahalla fuqarolar yig‘inlarining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay investitsiya muhitini yaratish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi infratuzilma ob’ektlarini barpo etish, shu asosda aholi bandligini ta’minlash va ularning turmush darajasini yanada yaxshilash borasida belgilangan loyiha hujjatlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar, belgilangan chora-tadbirlar juda dolzarb ekanligini ta’kidlagan viloyat rahbari jarayonlarni tizimli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

M.Sulaymonov, O‘zA