Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasidagi transformatsiya jarayonlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni amaliyotga tatbiq etilayotgan Reimbursatsiya dasturi misolida ham ko‘rish mumkin. Unga ko‘ra surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga bepul dori-darmonlar beriladi.
Dori-darmonlarni berish tartibi, rembursatsiya dasturi haqida to‘laqonli ma’lumotga ega bo‘lish uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi yetakchi mutaxassisi Rahat Erniyazov bilan suhbatlashdik.
- Avvalo rembursatsiya dasturi deganida nimani tushunamiz va u yurtimizda qachondan boshlab qo‘llanila boshladi?
- Reimbursatsiya, ya’ni “xarajatlarni qoplash” ma’nosini anglatadigan bu tizim 2022 — 2024 yillar davomida Sirdaryo viloyatida tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Dastlabki paytda esa Sirdaryo viloyati bilan birga Toshkent shahrida ham amaliyotga tatbiq etilgandi. O‘sha paytlari 5 xil kasallikka qarshi 11 turdagi dori vositalari bepul berila boshlagan.
Hozirgi kunga kelib 8 ta hududda to‘liq joriy qilindi. Reimbursatsiya dasturiga ko‘ra oilaviy shifokor tavsiyasiga asosan aholi o‘rtasida uchraydigan 12 turdagi surunkali kasalliklarga 28 xildagi dori vositalari bepul tarqatiladi.
Avvalo, ushbu ezgu ishda Prezidentimizning 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturulamal bo‘lganini aytish zarur.
Zero, unda shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dori vositalari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida bemorga dorixonalar tomonidan bepul berilishi va barcha xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilgan.
Hozir dasturga ko‘ra 7 xil surunkali xastalik — gipertoniya, yurak-ishemik kasalligi, qandli diabetning 2 turi, bronxial astma va o‘pkaning surunkali obstruktiv xastaligi kiritilgan bo‘lib, ularga chalingan bemorlarga 28 xil dori-darmonlar bepul beriladi.
2025 yilda reimbursatsiya dasturi doirasida surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida bo‘lgan 1.3 million nafarga yaqin bemor va 90 mlrd so‘mlik ularning sarf-xarajatlari to‘liq davlat tomonidan qoplab berildi.
- Kirib kelgan 2026 yilda Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi oldida yana qanday vazifalar turibdi?
- 2026 yilda reimbursatsiya dasturini butun respublikada joriy qilish maqsad qilib qo‘yilgan. Dori vositalari va kasalliklar turlarini kafolatlangan paket doirasida kengaytirish ko‘zda tutilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IuNwVs3JFo8" title="Reimbursatsiya va bepul dori vositalarini berish tartibi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA