Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Reimbursatsiya – ijtimoiy himoyaning yangi shakli
17:28 / 2025-06-23

Sog‘liqni saqlash sohasi – har bir jamiyatning mustahkam poydevori. Davlat tibbiy sug‘urtasi va reimbursatsiya tizimining joriy etilishi yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimidagi muhim burilish nuqtasidir. Davlat tibbiy sug‘urtasi orqali aholiga taqdim etilayotgan bepul dori vositalari fuqarolarning tibbiy yordamdan teng foydalanishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Reimbursatsiya tibbiy sug‘urtaning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, bunda ambulator sharoitdagi bemorlar zarur dori-darmonlar bilan bepul ta’minlanadi, dori-darmonga sarflangan mablag‘lar davlat tomonidan qoplanadi. Ushbu dastur orqali gipertoniya, qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, bronxial astma kabi keng tarqalgan va uzoq muddatli davolashni talab qiluvchi kasalliklar qamrab olingan. 2022 yildan beri dastur bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 

Masalan, Sirdaryo viloyatida dastlab 928 nafar bemor qamrab olingan bo‘lsa, 2024 yilga kelib, ularning soni 22 ming nafardan oshdi. Toshkent shahrida esa 2025 yil may holatiga ko‘ra, 45 mingdan ortiq fuqaro reimbursatsiya orqali dori olgan. Umuman, dastur 800 dan ortiq dorixonani qamrab olgan va 4,7 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ bemorlar uchun qoplangan. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat dasturning texnik samaradorligini, balki jamiyatdagi ehtiyoj va ishonchning o‘sib borayotganini ham tasdiqlaydi. 

– Davlat tibbiy sug‘urtasi orqali aholiga taqdim etilayotgan bepul dori vositalari fuqarolarning tibbiy yordamdan teng foydalanishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Ijro etuvchi direktor o‘rinbosari Ulug‘bek Kandimov. – Tizimning asosiy afzalliklari shundaki, bepul dori-darmonlar aholi uchun ortiqcha moliyaviy yuk yuklamaydi. Elektron retseptlar shaffoflikni ta’minlaydi, inson omilini kamaytiradi. Avtomatlashtirilgan nazorat har bir retsept va dori taqdiri yuzasidan aniq hisobot olish imkonini beradi. 

Hududlar bo‘yicha tenglik ta’minlanadi, ya’ni chekka hududlar aholisi ham sifatli dori vositalariga ega bo‘ladi. 

Oqilona moliyaviy rejalashtirish orqali davlat byudjeti mablag‘lari samarali va manzilli sarflanadi. 

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar tibbiy sug‘urta orqali aholini to‘liq yoki qisman dori-darmonlar bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘ygan. 

Misol uchun, Germaniyada barcha fuqarolar majburiy sug‘urta bilan qamrab olingan, dori-darmonlar uchun faqatgina belgilangan miqdorda to‘lov amalga oshiriladi. Fransiyada reimbursatsiya darajasi bemor holatiga qarab 30 foizdan 100 foizgacha borishi mumkin. Janubiy Koreyada esa har bir dori uchun sug‘urta kompaniyasi bilan kelishilgan narxda qoplash tizimi mavjud. O‘zbekistondagi bugungi holat xalqaro andazalarga to‘g‘ri keladigan shaklda yuz berayotganini ko‘rishimiz mumkin. Eng muhimi, tizimning real ehtiyojlarga qarab moslashtirilayotganidir. 

Joriy yildan boshlab reimbursatsiya tizimi butun respublika hududlarida joriy etilishi, qamrov doirasini kengaytirib, bolalar, keksalar, nogironligi bor fuqarolar uchun ham maxsus dasturlarni o‘z ichiga olishi rejalashtirilmoqda. 

2024 yilning 5 sentyabridagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. 

Shu bilan birga, dori vositalari ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish va sifat standartlarini belgilash kabi masalalar ham kun tartibida. Dastur faqat tibbiy yordam emas, balki ijtimoiy adolat va insonparvarlik tamoyillarini ham ifoda etadi. Bu, davlatning xalqqa yuzlanishi, salomatlikni eng oliy qadriyat sifatida ko‘rayotganining isbotidir. 

Davlat va fuqaro o‘rtasida yangi ishonch ko‘prigi reimbursatsiya tizimi o‘z mohiyatiga ko‘ra faqat tibbiy yordam emas, balki sog‘lom hayotga bo‘lgan ishonchni tiklash mexanizmidir. U orqali davlat va fuqaro o‘rtasida yanada ochiq, shaffof va ishonchli munosabat shakllanmoqda. Bu islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun esa nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning xabardorligi, faolligi va ishonchi zarur. Zero, sog‘lom inson sog‘lom jamiyatning asosidir. 

Mohigul Qosimova, O‘zA