Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Registrator ofisi” qanday tuzilma?
16:41 / 2024-09-18

Oliy ta’lim tizimida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab “Registrator ofisi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xo‘sh, bu tuzilma aslida qanday maqsadda tuzildi?

Savolga Toshkent davlat texnika universiteti “Registrator ofisi” xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Sanjar Shoqo‘chqorov quyidagicha javob berdi:  

—Bugun biz axborot texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Barcha sohalar qatori ta’lim tizimini ham raqamlashtirish dolzarb masalalardan biri. Davlatimiz rahbari ham o‘z chiqishlarida oliy ta’limni so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlash, raqamlashtirish jarayonini tezlashtirish, jahon ilm-fani yutuqlari bilan integratsiyalashishning muhim shartlaridan biri ekanini ta’kidlagan. Shu ma’noda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli qaroriga asosan oliy ta’lim tizimida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab “Registrator ofisi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Shu o‘rinda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida xuddi shunday tuzilma tashkil etilganini qayd etib o‘tmoqchiman.  

Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi bilan hamkorlikda “Registrator ofisi” va universitet o‘quv bo‘limi, dekanatlar, buxgalteriya, marketing va amaliyot bo‘limi, ilmiy, xalqaro aloqalar bo‘limlari o‘rtasida yagona elektron hujjat aylanishini ta’minlovchi “r-office.tdtu.uz” tizimi ishlab chiqildi.  

Ushbu zamonaviy tuzilma universitet bosh binosida joylashgan bo‘lib, samarali faoliyat olib borishi uchun barcha qulayliklarga ega. 31 nafar yosh, malakali, bir nechta xorijiy tillarni mukammal egallagan va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirgan xodimlar ofisda faoliyat ko‘rsatishi uchun saralab olindi. Ular talabalik guvohnomasi, talabalar o‘quv varaqasi, o‘qish joyidan ma’lumotnoma, akademik ma’lumotnoma, dars jadvali, davomat va o‘zlashtirishga oid ma’lumotlar, to‘lov-kontrakt shartnomalari, talabalar turar joylariga ariza berish hamda aylanma varaqalarni raqamlashtirgan tarzda murojaatchilarga yetkazadi.  

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, abituriyentlar hamda birinchi kursga tavsiya qilingan talabalarning hujjatlari ham aynan “Registrator ofisi” orqali qabul qilinadi.  

Ofisga tashrif buyurgan murojaatchilar tartibsiz navbat kutib qolmasliklari uchun elektron navbat olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida olisdan turib ham navbat band qilish xizmati amaliyotga joriy qilinadi. Bu borada texnik ishlar olib borilmoqda.  

Albatta, oliy ta’lim muassasalarida joriy etilayotgan raqamli “Registrator ofisi” faoliyati qog‘oz ko‘rinishida yuritiladigan hujjatlarning bekor qilinishiga zamin yaratadi. Bu esa o‘quv yili davomida o‘rtacha 100 million so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ning tejalishiga olib keladi.  

O‘zA muxbiri  

Nigora Rahmonova  

suhbatlashdi.