Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qurolli Kuchlar harbiy bo‘linmalarining tantanali yurishi o‘tkazildi.
Registon maydoni atrofidan boshlangan yurish Ko‘ksaroy maydonigacha davom etib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan davom etdi.
Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov va harbiy soha mas’ullari yurtdoshlarimizni Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladilar. Bu yil “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida o‘tkazilgan vatanparvarlik oyligi doirasidagi tadbirlar, jumladan, mazkur harbiy yurish yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarda vatanparvarlik, mardlik va jasorat tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy armiyamizning kuch va salohiyatini namoyish etishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
[gallery-27094]
Marosim davomida harbiy xizmatchilarning saf mashqlari va qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlari namoyish etildi. Shuningdek, zamonaviy qurol-aslaha va jangovar texnikalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Yoshlar harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan tanishib, harbiy hayot hamda yurtimiz osoyishtaligi posbonlarining faoliyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
– O‘g‘lim harbiy bo‘lishga qiziqadi, shu tadbir haqida eshitib, ataylab keldik, – deydi ishtixonlik Munira Bozorova. – Kelajakda o‘g‘lim ham Vatanimizga sadoqatli, mard yigit bo‘lib ulg‘ayishini istayman. Harbiylarimiz va ularning faoliyati yoshlar uchun ibrat bo‘ldi.
Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar barcha tuman va shaharlarda davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari