Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Referendumga yoshlar befarq emas
17:01 / 2023-03-23

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga xalqimiz befarq emas. Ayniqsa, bu jarayonda yoshlarning faolligi e’tiborga molik.

– Yangilanayotgan Konstitutsiyaga yoshlarning ham ko‘plab takliflari qabul qilindi, – deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Sanjar Shodiyev. – Jumladan, yoshlar huquqlarining himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlarga katta motivatsiyadir. Va tabiiyki, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarning Konstitutsiyada aks etayotgani bizni juda quvontiradi.  

2017 yilga qadar oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari soni qisqartirib kelindi. So‘nggi besh yil ichida, aksincha grantlarni ko‘paytirish yo‘lidan borildi. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi. Shu bilan birga, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur xayrli ishlarning Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks ettirilishi davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlar yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

E’tiborlisi, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi berilmoqda. Oliy ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilanayotgani ta’lim jarayoniga tashqi aralashuvlarni cheklash, ta’lim sifati va dunyoda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.  

– O‘tgan davr mobaynida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Adolat Hasanova. –  Islohotlar bardavomligi, taraqqiyotning tadrijiy davomi uchun befarq emasmiz. Bilamiz, ishonamiz, kerak bo‘lsa tirgak bo‘lamiz. Chunki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgan bo‘lsa, ularning 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilgan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda. Ushbu qoidalarning Konstitutsiya darajasida belgilanishi, bolalar bog‘chasidan tortib, toki universitetlargacha, barcha ta’lim tashkilotlarini ular davlatniki yoki xususiy ekanligidan qat’iy nazar, rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy zamin bo‘ladi.  

Endilikda, nafaqat umumiy o‘rta ta’lim, balki boshlang‘ich professional ta’lim olish ham bepul bo‘lishi kafolatlanadi. Eng muhim yangiliklardan biri, bu – alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi bo‘ldi. Jismoniy, aqliy yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Bu norma shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishida juda muhimdir.  

Eng muhimi, davlatimiz yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA