Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Referendumga tayyorgarlik yuzasidan qator nizomlar tasdiqlandi
15:51 / 2022-07-13

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Dastlab majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari muhokama qilindi. 

– Markaziy saylov komissiyasi 2022 yil birinchi yarim yilligida o‘z faoliyatini qonunchilikda belgilangan vakolatlari va yuklatilgan vazifalaridan kelib chiqib, o‘z ish rejasiga asosan tashkil etdi, –  dedi MSK kotibi Xudoyor Mamatov. –  Hisobot davrida bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borildi. 

Jumladan, umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlari, xalqaro kuzatuvchilar tavsiyalari va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlillari asosida saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlar tajribasini va xalqaro amaliyotni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar saylov organlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish, saylov tashkilotchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy qilish masalalariga e’tibor qaratildi.  

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi faoliyati, saylov jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish va aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish hamda mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda ish olib borildi. 

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi muhokama qilindi va tasdiqlandi.  

Ikkinchi yarim yillikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish Markaziy saylov komissiyasining ustuvor vazifasi ekanligi belgilandi. Konstitutsiyaviy islohotlar munosabati bilan o‘tkaziladigan referendumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, bu borada “O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokama qilindi.  

Majlisda xorijiy va mahalliy kuzatuvchilar faoliyatini tartibga solish, ularning huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi hamda Siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomlar qabul qilindi. 

Shuningdek, avvalgi saylovlarda xorijdagi vatandoshlarimizning faol ishtirokini hisobga olgan holda hamda ularning Konstitutsion huquqlarini to‘laqonli ta’minlash va referendumda ovoz berishda qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Yakunda barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.  

[gallery-7911]

Muhtarama Komilova,  
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA